Mers: Eronda 2015-yildagi Suriya ssenariysi takrorlanishini istamaymiz
Germaniya kansleri Fridrix Mers Erondagi vaziyat keskin yomonlashsa, Yevropa tomon yangi qochqinlar oqimi yuzaga kelishi mumkinligidan xavotir bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, Germaniya hukumati 2015-yildagi Suriya ssenariysi takrorlanishini istamaydi.
«Biz bu yerda Suriya ssenariysi takrorlanishini istamaymiz. Biz Eron davlati o‘z faoliyatini saqlab qolishini xohlaymiz», – dedi Mers Myunxenda o‘tgan xalqaro hunarmandchilik yarmarkasi yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Kanslerning fikricha, buning uchun mamlakat aholisining asosiy ehtiyojlarini ta’minlash muhim. U Eron aholisi soni 90 milliondan ortiq ekanini ham ta’kidladi.
Mersning aytishicha, hozircha Germaniya hukumati Yevropa tomon kelishi mumkin bo‘lgan eronlik qochqinlar sonini aniq baholay olmayapti. Shu sababli Berlin Eronning suverenitetini saqlab qolish masalasiga katta ahamiyat qaratmoqda.
Kansler shuningdek AQSh va Isroilni vaziyatni barqarorlashtirish uchun tezroq muzokaralar o‘tkazishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2011-yilda boshlangan Suriyadagi fuqarolik urushi Yevropa tomon katta migratsiya to‘lqinini keltirib chiqargan edi. 2015-yilda uning eng yuqori nuqtasi kuzatilib, faqat Germaniyaning o‘ziga taxminan bir million qochqin kelgan.
O‘sha davrda Germaniya kansleri Angela Merkel qonuniy asosga ega bo‘lgan barcha odamlarga boshpana berish kerakligini bildirgan edi. Ammo bu qaror mamlakat ijtimoiy tizimiga katta bosim yuklagan.
Qochqinlarni joylashtirish uchun ayrim hollarda bo‘sh turgan maktablar va fabrikalar ham vaqtincha boshpanaga aylantirilgan.
Mutaxassislar fikricha, aynan shu migratsiya inqirozi Germaniyada migratsiyani cheklashni talab qilayotgan siyosiy kuchlar, jumladan «Germaniya uchun alternativa» partiyasi ommalashishiga ham ta’sir ko‘rsatgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter