Mirziyoyev yosh parlamentariylarni «Avlodlar muloqoti» xalqaro kongressiga taklif qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda o‘tayotgan Parlamentlararo Ittifoqning XII Yosh parlament a’zolari butunjahon konferensiyasi ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi.
Davlat rahbari konferensiyaning O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotganini mamlakatdagi demokratik islohotlarga xalqaro hamjamiyat tomonidan berilgan yuksak baho sifatida qayd etdi.
Prezident dunyodagi global ziddiyatlar, qurolli mojarolar, iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy tengsizlik va ijtimoiy beqarorlikka e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, hozir sayyoramiz bo‘ylab 500 milliondan ziyod bolalar va yoshlar qurolli mojarolar hududida yashamoqda.
O‘zbekistonda esa 39 millionlik aholining qariyb 56 foizini yoshlar tashkil etadi. Dunyodagi TOP-100 oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar soni 3,5 ming nafardan oshgan, yoshlarning tadbirkorlar orasidagi ulushi esa 35 foizga yetgan.
Shuningdek, 2024-yilgi saylovlarda 200 ga yaqin yosh vakillik organlari a’zosi etib saylangani qayd etildi.
Prezident O‘zbekiston BMTning «Yoshlar – 2030» strategiyasini jadal amalga oshirayotgan dunyoning 10 ta yetakchi davlati qatoriga kirganini hamda Global yoshlar taraqqiyoti indeksida eng tez rivojlanayotgan mamlakat deb topilganini ta’kidladi.
Mirziyoyev Parlamentlararo Ittifoq doirasida «Yoshlar va kelajak avlodlar to‘g‘risidagi Samarqand rezolyusiyasi» qabul qilinishini olqishladi.
Shuningdek, davlat rahbari konferensiya ishtirokchilarini kelgusi yili O‘zbekistonda o‘tkaziladigan «Avlodlar muloqoti» xalqaro yoshlar kongressiga taklif qildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter