Samarqand elektr tarmoqlariga 357 mln dollar sarmoya kiritiladi
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi qarori bilan Samarqand viloyatida elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasi belgilandi.
Xalqaro tender yakunlariga ko‘ra, Turkiyaning «Aksa Elektrik Perakende Satış A.Ş.» kompaniyasi loyiha bo‘yicha xususiy sherik sifatida tanlangan. Kompaniya O‘zbekistonda «Aksa Samarqand Electricity Distribution» korxonasini tashkil etadi.
Loyiha doirasida xususiy sherikka Samarqand viloyatidagi mavjud elektr taqsimlash tarmoqlarini boshqarish va ekspluatatsiya qilish huquqi beriladi. Ayni paytda elektr tarmoqlarining o‘zi davlat tasarrufida qoladi.
Loyihaning dastlabki 12 yilida «Aksa Elektrik» 357 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritishi belgilangan. Dastlabki ikki yillik o‘tish davrida kamida 27 million dollar sarmoya yo‘naltiriladi.
Mablag‘lar elektr tarmoqlarini kengaytirish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, yangi aktivlar yaratish hamda zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etishga sarflanadi.
Shuningdek, tarmoqlardagi elektr yo‘qotishlarini bosqichma-bosqich kamaytirish rejalashtirilgan. Texnik audit natijasiga ko‘ra, yo‘qotishlar 20–25 foiz bo‘lsa, operatsion davrda har yili 1,4 foizga, 15–20 foiz oralig‘ida bo‘lsa, yillik 0,6 foizga qisqartiriladi.
Loyiha elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va eskirgan infratuzilmani yangilashga qaratilgan. Shuningdek, tarmoqlarning elektr o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Energetika vaziri Sherzod Hodjayev ta’kidlaganidek, ushbu biznes modeli O‘zbekistonda birinchi marta qo‘llanmoqda. Kompaniya mavjud xodimlarni ishga qabul qilishi, xorijdan esa 10–15 nafar mutaxassis jalb qilishi rejalashtirilgan.
Loyiha ijrosi hamda tomonlarning majburiyatlari bajarilishi Energetika vazirligi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan nazorat qilinadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter