Dunyoning eng ovloq ikki qishlog‘i qanday qilib boyimoqda?
Multfilm tufayli tinchi buzilgan Xuskar
Ispaniyaning Andalusiya tog‘lari bag‘rida joylashgan Xuskar qishlog‘ida hayot asrlar davomida bir xil kechgan. Aholining asosiy tirikchiligi tog‘dan qo‘ziqorin terish, echki boqish va kichik dehqonchilikdan iborat edi. Uylari oq devorli, sukunatga burkangan bu kamsuqum go‘shada kunlar shu qadar tinch o‘tardiki, hatto shahardan keladigan sayyohlar ham bu yerda uzoq ushlanib qolmasdi.
Ammo 2011-yilda bu osoyishta hayot tubdan izdan chiqdi. Qishloqqa Gollivudning gigant mediakorporatsiyasi — Sony Pictures vakillari kirib keldi. Ular «Smurflar» 3D multfilmining global promo-kampaniyasi uchun kutilmagan va aqlga sig‘mas taklifni olib kelishgan edi: qishloqdagi barcha uylarni, jumladan, tarixiy cherkov va hatto qabristondagi qabr toshlarini yorqin moviy (ko‘k) rangga bo‘yash.

Gollivudning bu g‘oyasi mahalliy aholi tomonidan bir ovozdan xursandchilik bilan kutib olinmadi. Aksincha, qishloq ikki qutbga bo‘linib qoldi.
Ayniqsa, asriy cherkov va bobolari mangu qo‘nim topgan qabriston devorlariga ko‘k bo‘yoq surtilishini juda ko‘pchilik muqaddas qadamjolarga va tarixga nisbatan behurmatlik deb qabul qildi.
Ishchilar bo‘yoq va mo‘yqalamlar bilan ish boshlashganida ba’zi norozi xonadon egalari o‘z uylari devoriga qaytadan oq bo‘yoq surtib xalaqit berishga urindi. Qishloq markazida «Biz smurf emasmiz, biz dehqonmiz!», «Tinchligimizni qaytaring!» degan hayqiriqlar bilan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Chunki suratga olish guruhining shovqini, ko‘chalarda paydo bo‘lgan gigant ko‘k jonzotlar haykallari va doimiy tasvirga olish jarayonlari tinch hayotga o‘rgangan odamlarning asabini egovlardi.

Foto: Espanarusa.com
Ammo kinoijodkorlar suratga olish ishlari tugagach, uylarni yana avvalgidek oq rangga bo‘yab berish va’dasi bilan aholining ma’lum qismini ko‘ndirishga erishdi. Qishloq uylarini bo‘yash uchun esa naq 4000 litrdan ortiq bo‘yoq ishlatildi.
Va nihoyat 2011-yilning iyul oyida multfilm namoyish etildi va mo‘jiza yuz berdi. Ilgari yiliga atigi 300 nafar sayyoh arang keladigan Xuskarga 6 oy ichida 80,000 dan ortiq odam yopirilib keldi! Tog‘ orasidagi kichik ko‘chalar sayyohlarga to‘lib ketdi. Odamlar ko‘k devorlar yonida suratga tushish, smurf-qo‘ziqorinlarni sotib olish va mahalliy qahvaxonalarda ovqatlanish uchun uzun navbatlarda tura boshlashdi.
Ilgari kuniga 50 yevro ishlashga zo‘rg‘a kuchi yetadigan oilalar, endi kuniga minglab yevro daromad topa boshladilar. Mehmonxonalar, suvenir do‘konlari va transport xizmati gullab-yashnadi. Qishloqda ishsizlik darajasi deyarli barham topdi.
Kutilmagan burilish esa keyin yuz berdi: eng baland ovoz bilan suratga olish ishlariga qarshi chiqqan, devorlarga oq bo‘yoq otgan sobiq norozilardan biri, keyinchalik qishloqda eng birinchi bo‘lib «Smurf-kafe va suvenirlar» do‘konini ochdi va eng katta tadbirkorga aylandi!

Shartnoma muddati tugab, Sony Pictures uylarni qayta oqqa bo‘yamoqchi bo‘lganida, yana aholi qishloq markaziga to‘plandi. Va 141 kishi uylarni ko‘k rangda qoldirishga, 33 kishi esa oq rangga qaytarishga ovoz berdi.
Ammo qishloq hikoyasi shu bilan tugamadi. 2017-yilda Sony Pictures va mualliflik huquqi egalari qishloqdan «Smurflar» brendidan foydalangani uchun katta foiz talab qila boshladi. Kelishmovchiliklar sabab, qishloq «Smurflar qishlog‘i» nomidan va rasmiy brendidan mahrum bo‘ldi.
Tirikchilik to‘xtab qoldimi? Yo‘q! Xuskar aholisi darhol qishloq nomini «Ko‘k qishloq» deb o‘zgartirdi. Brend nomi ketgan bo‘lsa-da, uning tarixi va yorqin ko‘k uylari qolgan edi. Bugungi kunda ham minglab sayyohlar bu yerga aynan iqtisodiy burilish tarixini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun kelishda davom etmoqda.
Qorli tog‘lar orasida qolib ketgan Sirakava-go
Ispaniyaning Xuskar qishlog‘i Gollivudning shov-shuvli marketingi va tasodifiy burilish evaziga oyoqqa turgan bo‘lsa, Yaponiyaning tog‘lar orasida joylashgan Sirakava-go qishlog‘i butunlay qarama-qarshi jozibaga ega.
Sirakava-goning boyligi asrlar davomida shakllangan, intizomga, jamoaviy mas’uliyatga tayanadigan yagona ijtimoiy va iqtisodiy tizimda.
Sirakava-go Yaponiyaning Xonsyu oroli shimoli-g‘arbidagi muqaddas Xaku-San tog‘i etagida, guruch paykallari va tog‘ daryosi atrofida joylashgan. Bu tinch va tabiiy qishloq UNESCOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, o‘zining 114 ta tarixiy uyi bilan mashhur. Ularning ba’zilarining yoshi 250 yildan oshgan.

Qishda bu yerda qor qalinligi bir necha metrga yetadi. Shu sababli mahalliy aholi asrlar davomida «Gassxo-dzukuri» (ibodat uchun birlashtirilgan kaftlar) deb ataladigan noyob me’morchilik uslubini yaratgan.
Uylarning tomi 60 darajali tik qiyalikda, faqat yog‘och va arqonlardan foydalanib, birorta ham mix ishlatmasdan somon va po‘panakdan yopiladi. Bunday konstruksiya og‘ir qor bosimiga va tebranma zilzilalarga bardosh beradi.

Foto:Redhairtravel.com
Muammo shundaki, bunday tomning somon qatlamini har 30–40 yilda to‘liq yangilash talab etiladi. Zamonaviy bozor iqtisodiyoti tilida aytganda, bitta uyning tomini yangilash o‘n minglab dollarlik mehnat va resursni talab qiladigan, oddiy dehqon oilasining cho‘ntagi ko‘tarmaydigan jarayon.
Aynan shu moliyaviy va jismoniy qiyinchilik Sirakava-goda noyob ijtimoiy tizim — «Yui» ni shakllantirdi. «Yui» bizning tilimizda hashar degan so‘zni anglatadi, ammo u qishloqda aniq tartibga solingan ijtimoiy majburiyat. Bitta uyning tomini yangilash kuni belgilangach, qishloq aholisi erta tong azonlab bir joyga yig‘iladi. Ish shu qadar aniq va daqiqalarigacha rejalashtiriladiki, ulkan tomni almashtirish ishlari 1-2 kun ichida to‘liq yakunlanadi.

Eng muhimi bu xizmat uchun hech kimga bir iyen ham haq to‘lanmaydi. Bugun butun qishloq sizning uyingiz tomini yopib bersa, ertaga siz boshqa xonadonga borib mehnat qilasiz. Bu tizim mahalliy aholini og‘ir moliyaviy xarajatlardan ozod qilibgina qolmay, jamoa ichidagi jipslikni ham saqlab turadi.
1995-yilda Sirakava-go UNESCOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. Shu ondan boshlab qishloqqa investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan investorlar va yirik mehmonxona tarmoqlarining yopirilib kelishi boshlandi. Ammo mahalliy aholi yig‘ilib, uchta qat’iy va murosasiz qoidani qabul qildi: qishloqdagi uy yoki yer maydonlari birorta tashqaridan kelgan shaxslarga yoki xorijiy investorlarga sotilmaydi, uylarni tashqi biznes subyektlariga tijorat maqsadida ijaraga berish taqiqlanadi. Qishloqning tarixiy qiyofasiga zid bo‘lgan zamonaviy bino, plastik konstruktorlik yoki yorqin reklama bannerlari o‘rnatilmaydi.
Ular yirik mehmonxonalar va shovqinli ko‘ngilochar markazlarni qishloqqa kiritmaslik orqali ommaviy, arzon turizmdan voz kechishdi. Sirakava-go aholisi zamonaviy dunyoga moslashmadi, aksincha, zamonaviy dunyoni o‘z tartiblariga bo‘ysundirib, yuqori qiymatli etno-turizm modelini yaratdi.
Sayyohlar yirik mehmonxonalarda emas, aynan mahalliy aholining asriy somon tomli uylarida, oilalar bilan birga yashaydi. Buning uchun yiliga minglab odamlar bir necha oy oldin navbatga turib, yuqori narx to‘laydi.
Bu yerda qishloq tashqarisidan keltirilgan oziq-ovqatlar emas, balki mahalliy dehqonlar tomonidan yetishtirilgan guruch, tog‘ sabzavotlari va an’anaviy yaponiya ovqatlari sotiladi. Sirakava-godagi bir nechta tarixiy uylar muzeyga aylantirilgan va kirish chiptalaridan tushgan daromad to‘liq mahalliy infratuzilma hamda «Yui» tizimini qo‘llab-quvmatlashga yo‘naltiriladi.
***
Ispaniyaning Xuskar qishlog‘i bizga zamon talabiga moslashish, modelni tezkor o‘zgartirish va dadil marketing orqali nochor hududni oyoqqa turg‘izish mumkinligini ko‘rsatgan bo‘lsa, Yaponiyaning Sirakava-go qishlog‘i o‘zlikni va qadriyatlarni tijorat uchun qurbon qilmaslikning o‘zi eng qimmatbaho kapital ekanini isbotlaydi.
Biri tezkor trend va kinematografik shov-shuv evaziga boyidi, ikkinchisi esa asriy intizom va jamoaviy mas’uliyat orqali o‘z mustaqilligini saqlab qoldi. Ammo ikkalasining ham natijasi quvonarli, muhimi qishloqlar xaritadan o‘chmadi, aholi shaharga ko‘chib ketmadi, balki o‘zlarining mavjudligini butun dunyoga sayyohlar orqali isbotlab farovon va obod go‘shaga aylandi.
Barno Sultonova tayyorladi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter