Yaponiya Putinning xatti-harakatini qoraladi
Yaponiya tashqi ishlar vazirligi binosi.
Yaponiya hukumati Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Kuril orollariga tashrifini keskin qoraladi.
«Shimoliy hududlar, jumladan, Iturup (oroli) ham tarixiy jihatdan, ham xalqaro huquqqa muvofiq Yaponiyaning ajralmas tarkibiy qismi sanaladi. Shu bois Yaponiya hukumati ushbu tashrifga qat’iy ravishda e’tiroz bildiradi», – deya bayonot berdi mamlakat tashqi ishlar vaziri Tosimitsu Motegi 13 avgust kuni.
Kreml matbuot xizmati Putinning Iturup oroliga tashrifi aks etgan videolavhalarni e’lon qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya rahbari Kuril markaziy shifoxonasi, maktab va baliqni qayta ishlash kombinatiga borgan, shuningdek, Saxalin gubernatori bilan uchrashgan.
Bu Vladimir Putinning Yaponiya Rossiya noqonuniy ravishda bosib olgan deb hisoblaydigan Kuril orollariga ilk tashrifidir. 2010-yilda kezlar Rossiya prezidenti vazifasida faoliyat yuritgan Dmitriy Medvedev ham bahsli hududga tashrif buyurgan edi.
Sovet Ittifoqi Ikkinchi jahon urushi yakunida Kunashir, Shikotan, Iturup, Xabomai va bir necha kichik orolni o‘z hududiga qo‘shib olgan. Yaponiya esa «Shimoliy hududlar» deb atalgan orollar azaldan va xalqaro huquqqa ko‘ra o‘ziga qarashli ekanini ta’kidlaydi.
Euronews xabar berishicha, nisbatan noqulay iqlimga qaramay, Kuril orollarida 20 mingga yaqin Rossiya fuqarosi yashaydi. 1945-yilda orollarni egallagach, Moskva bu yerda yashab kelgan 17 mingga yaqin yapon aholisini deportatsiya qilgan.
Ushbu hudud tabiiy boyliklar, jumladan, yirik oltin va kumush zaxiralariga ega.
Sovet Ittifoqi va AQSh o‘rtasida qurollanish poygasi,«sovuq urush» kechgan yillarda mazkur orollar strategik ahamiyat kasb etgan.
1956-yilda Sovet Ittifoqi Shikotan va Xabomai orollarini qaytarish va’dasini bergan holda Yaponiya bilan tinchlik deklaratsiyasini imzolagan. Keyinroq Yaponiya hukumati barcha orollarni qaytarishni talab qilgan va tinchlik bitimi imzolanmay qolib ketgan.
Sovet Ittifoqi parchalangach, Moskva va Tokio o‘rtasidagi muzokaralar qaytadan boshlangan, ammo natijasiz yakunlangan. Orollar hozirga qadar Rossiya nazoratida.
Rossiya 2022-yilda Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinchilik urushi boshlagach, Yaponiya G‘arb davlatlari Moskvaga nisbatan joriy etgan moliyaviy cheklovlarga qo‘shildi.
Avval xabar berganimizdek, Tokioning o‘zi ham Rossiyaga qarshi bir qator sanksiyalar joriy etgan. Jumladan, Rossiyaning bir qator davlat amaldorlari, jumladan, prezident Vladimir Putin va tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga tegishli mablag‘larni muzlatgan.
Ekspertlar hozircha ikki davlat o‘rtasida tinchlik bitimi yuzasidan muzokara o‘tkazish istiqbolini savol ostiga oladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter