Pediatr Nodira Akramovna qabulini yillab kutayotganlar uchun barcha haqiqatlarni ochib tashladi
Bugungi ko‘rsatuvimiz qahramoni — ko‘plab yosh onalarning sevimli shifokori, maslahatchisi, «Yashfina» integrativ klinikasi asoschisi, pediatr Nodira Akramovna.
Bugun ota-onalar farzandi salomatligi haqida ijtimoiy tarmoqlardan juda ko‘p ma’lumot oladi. Ammo turli manbalardagi qarama-qarshi tavsiyalar ba’zan ularni to‘g‘ri qaror qabul qilishda qiyin ahvolga solib qo‘yadi. Ayniqsa, vitaminlar, biologik faol qo‘shimchalar, antibiotiklar, gormonal preparatlar, allergiya va immunitet masalasida ehtiyotkorlik juda muhim.
Nodira Akramovna ko‘p yillik pediatrlik tajribasi davomida klassik tibbiyot bilan bir qatorda bemorga kompleks yondashuvni ham qo‘llab kelayotgan tajribali shifokorlardan.
Integrativ tibbiyotni xalq tabobati yoki faqat BADlar bilan davolash deb tushunish noto‘g‘ri. Bu yondashuvda bemorning shikoyatlari bilan birga uning ovqatlanishi, uyqu rejimi, kundalik hayoti, tahlil natijalari va boshqa muhim omillar ham birgalikda baholanadi.
Bugun bolalar uchun turli vitamin va minerallar juda ko‘p targ‘ib qilinmoqda. «Immunitetni ko‘taradi» degan va’dalarga ishongan ayrim ota-onalar esa shifokor bilan maslahatlashmasdan farzandiga turli preparatlarni bermoqda. Aslida vitamin va minerallarning yetishmasligi kabi ortiqcha miqdori ham organizm uchun muammo keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun ularni bolaning yoshi, salomatligi va ehtiyojiga qarab tanlash muhim.
Suhbatimiz davomida o‘zboshimchalik bilan BAD yoki yod preparatlarini qabul qilib, salbiy oqibatlarga duch kelgan bemorlar haqida ham so‘z bordi. Aytish joizki, «tabiiy» yoki «vitamin» degan nom preparatning mutlaqo zararsiz ekanligini anglatmaydi.
Suhbat mobaynida bolalarga ba’zi holatlarda keng qo‘llanadigan deksametazon kabi gormonal preparatlar masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Bunday dorilar tibbiyotda muhim o‘rin tutadi, ammo ularni faqat aniq ko‘rsatma asosida va shifokor nazoratida qo‘llash kerak. Antibiotiklar masalasida ham xuddi shunday yondashuv zarur. Virusli infeksiyalarda antibiotik samara bermaydi, bakteriya sabab bo‘lgan ayrim kasalliklarda esa u zarur davolash vositasi bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, shifokor bilan bolalarda ichak mikroflorasi, immun tizimi va asab tizimi o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida ham gaplashdik. Zamonaviy tibbiyotda ichak va miya o‘rtasidagi o‘zaro aloqa keng o‘rganilmoqda. Ammo boladagi har qanday nevrologik yoki xulq-atvor muammosini faqat ichak bilan bog‘lash to‘g‘ri emas. Bunday holatlarda kompleks tekshiruv talab etiladi. Ammo ichaklar — ikkinchi miya degan gapda ham jon bor.
Allergiya, atopik dermatit, ortiqcha vazn va shirinlikka moyillik ham bugun ko‘plab ota-onalarni tashvishga solmoqda. Bu muammolarga irsiyat, ovqatlanish tartibi, atrof-muhit, uyqu, kamharakatlik va boshqa omillar ta’sir qilishi mumkin. Bolani keskin parhezga o‘tkazish yoki barcha shirinliklarni birdaniga taqiqlash o‘rniga, oilada sog‘lom ovqatlanish va harakatlanish odatlarini shakllantirish muhim.
Suhbatimizning eng jiddiy mavzularidan biri bolalarda qon bosimining ko‘tarilishi bo‘ldi. Masalan, o‘smir bolalarda qon bosimi ko‘tarilsa, buni shunchaki «o‘sish davri» bilan izohlash to‘g‘ri emas. Ayniqsa, turli tekshiruvlarda jiddiy o‘zgarish aniqlanmagan, ammo ayrim gormonlar yuqori bo‘lgan holatlarda sababni chuqur o‘rganish talab etiladi. Bunday vaziyatda bolaning umumiy holati, qabul qilayotgan dorilari, suyuqlik va tuz almashinuvi hamda boshqa ko‘rsatkichlar kompleks baholanishi kerak.
Nodira Akramovna bilan bugungi bolalarning 10–15 yil avvalgi avloddan farqi haqida ham suhbatlashdik. Ekran qarshisida ko‘p vaqt o‘tkazish, kamharakatlik, noto‘g‘ri ovqatlanish va uyqu tartibining buzilishi bolalar salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Autizm, Daun sindromi va giperaktivlik kabi holatlar haqida jamiyatda turli qarashlar mavjud. Ammo ularning ko‘payishini bitta omil bilan izohlash yoki ilmiy dalilsiz xulosa chiqarish to‘g‘ri emas. Bunday holatlar murakkab sabablarga ega bo‘lib, har bir bolaga individual yondashuv talab qiladi.
Suhbatimiz davomida klinikaning kelgusidagi rejalari, shifokorlarni tanlash mezonlari, zamonaviy ota-onalarning eng katta xatolari, tibbiyot tizimida o‘zgartirish zarur bo‘lgan jihatlar va farzandlar salomatligi uchun eng muhim tavsiyalar haqida ham fikrlashdik.
Ushbu suhbat orqali bugun Nodira Akramovnaning qabuliga yozilish uchun yillab navbat kutayotgan ota-onalarga o‘zlari ishongan, eng asosiysi o‘z ustida ishlashdan sira charchamaydigan sevimli shifokorlaridan g‘oyibona maslahat olishlariga oz bo‘lsada yordam bera olgan bo‘lsak, demak xabar.uz jamoasi o‘z maqsadiga erishibdi. Kelgusi suhbatimiz aynan qaysi mutaxassis bilan bo‘lishini istardingiz? Savol va takliflaringizni yozib qoldiring.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter