15 yil ishlagan shifokorlarga uy olish uchun subsidiya beriladi
Hukumatning 2026-yil 12-iyundagi 310-son qarori bilan davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badalining bir qismini qoplash tartibi tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, fuqaro ro‘yxatdan o‘tgan hududidan qat’i nazar, mamlakatning istalgan hududidagi birlamchi uy-joy bozoridan ipoteka krediti asosida xonadon sotib olishi mumkin.
Subsidiya olish uchun ariza Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.
Ariza beruvchilarni baholash jarayonida ularning amalda davlat tibbiyot muassasasida faoliyat yuritishi hamda shu muassasalarda kamida 15 yillik ish stajiga ega ekani tasdiqlanishi shart.
Nizomga ko‘ra, subsidiya bir oilaga, ya’ni er yoki xotindan faqat bittasiga bir marta beriladi.
Tanlov to‘liq onlayn shaklda tashkil etiladi. Barcha mezonlarga javob bergan ishtirokchilar orasidan har chorak uchun ajratilgan kvota doirasida 125 nafar g‘olib avtomatik tasodifiy tanlash imkoniyatini beruvchi «random.org» platformasi orqali aniqlanadi.
Subsidiya ajratish haqidagi xabarnomani olgan g‘olib ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olish uchun qurilish-pudrat tashkiloti bilan birlamchi shartnoma tuzadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter