Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh Eron bilan urushda yana bir jiddiy yo‘qotishga uchradi

AQSh Eron bilan urushda yana bir jiddiy yo‘qotishga uchradi

Foto: AQSh milliy gvardiyasi

AQSh Eronga qarshi urush mobaynida kamida 45 dona MQ-9 Reaper rusumli uchuvchisiz qurilmasini yo‘qotdi. Shu tariqa Vashington MQ-9 Reaper rusumli dronlar zaxirasining 25 foizini boy bergan. Bu haqda The Washington Post nashri xabar qildi.

Jihozlanish usuliga ko‘ra, mazkur dronlar 30 million dollardan 50 million dollarga qadar baholanadi. Demak, AQShning bu boradagi moliyaviy zarari 1,3 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi. 

MQ-9 Reaper dronlari razvedka ma’lumotlari yig‘ish va harakatdagi nishonlarni yo‘q qilish maqsadida qo‘llanadi. Turbo dvigateli bilan jihozlangan ushbu dronlar 400 km/coat tezlikda harakatlanadi.

24 soat mobaynida 15 km balandda ucha oladigan  MQ-9 Reaper dronlari “havo – yer” va “havo – havo” toifasidagi raketalarni tashiydi.

Qo‘shma Shtatlar Isroil bilan birgalikda Eronga qarshi keng ko‘lamli urush boshlagan 2026-yil 28-fevralga qadar AQSh harbiylari tasarrufida 185 dona MQ-9 Reaper dronlari bo‘lgan.

Avvalroq AQSh harbiy havo kuchlari generali Devid Teybor Senatga bergan hisobotida MQ-9 Reaper dronlari soni qisqarayotgani yuzasidan xavotir bildirgandi.

O‘n kun oldin Reuters agentligi AQSh Eronga qarshi urush mobaynida uzoq masofaga uchuvchi raketalarning salmoqli zaxirasini sarflab tugatgani haqida xabar bergandi. Jumladan, agentlik manbalari har biri 1 million dollardan qimmatroq turadigan ATACMS va PrSM rusumli raketalarning katta qismi allaqachon ishlatilganini aytgan.

AQSh Eron bilan harbiy ziddiyat mobaynida Tomahawk rusumidagi qanotli raketalar zaxirasining ham yarmini sarflab bo‘lgan. Shuningdek, Patriot havo hujumidan mudofaa tizimi va THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimida istifoda etiladigan raketalar miqdori ham keskin qisqargan.

AQSh prezidenti Donald Tramp raketa zaxirasi kamayib borayotgani haqida xabarlarni rad etib, mamlakat dunyodagi eng ko‘p qurol-aslahalarga ega ekanini aytib keladi.

Ammo tahlilchilarga ko‘ra, harbiy harakatlarda muhim sanalgan uzoq masofaga uchuvchi raketalar zaxirasining kamayishi Qo‘shma Shtatlarning ehtimoliy harbiy ziddiyatlarga shayligini savol ostida qoldiradi.

Eron urushi Qo‘shma Shtatlarga moliyaviy jihatdan ham qimmatga tushmoqda.

Joriy yil iyul oyida AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset Senatdagi chiqishida Eronga qarshi harbiy harakatlar Vashingtonga hozirgacha 37,5 milliard dollarga tushganini ma’lum qildi. Ma’muriyat qonun chiqaruvchi idoradan urush xarajatlarini qoplash uchun qo‘shimcha 67 milliard dollar so‘ragan.

Tramp ham Kongressni mudofaa uchun qo‘shimcha milliardlarni ajratishga undamoqda.

Amerika ommaviy axborot vositalarida Tramp so‘nggi bir haftaga qadar Eronga qarshi hujumlarni davom ettirish niyatida bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq yuqori aniqlikdagi raketalar zaxirasi sezilarli darajada kamaygani ortidan Oq uy xo‘jayini hujum qaroridan voz kechgani aytilgan.

AQSh prezidentining so‘nggi bir hafta davomida bergan bayonotlarida ham Eronga nisbatan ritorika ehtiyotkorroq tus olgani kuzatilgan. Xususan, kuni kecha Tramp Eron bilan “jimgina” muzokara olib borilayotganini aytgan.

14-avgust kuni Tramp Nyu-Yorkdagi chiqishida strategik kurash maydoniga aylangan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi to‘liq AQSh nazoratida ekanini aytgandi. Eron bu da’voni rad etgan va Ho‘rmuz Eronga tasarrufida qolayotganini ma’lum qilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring