Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident Administratsiyasi faoliyati qonun bilan tartibga solindi

Prezident Administratsiyasi faoliyati qonun bilan tartibga solindi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi faoliyatini tartibga soluvchi Konstitutsiyaviy Qonun qabul qilindi. Ushbu hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 6-avgustda qabul qilinib, 7-avgust kuni Senat tomonidan ma’qullangan edi.

Qonunga ko‘ra, Prezident Administratsiyasi davlat boshlig‘ining vakolatlarini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlaydigan davlat organi hisoblanadi. Administratsiya Prezidentga bevosita bo‘ysunadi va unga hisobdordir.

Shuningdek, Administratsiya Prezident farmonlari, qarorlari va topshiriqlari ijrosi doirasida davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiradi, ularning ijrosini monitoring qiladi va nazoratni tashkil etadi.

Administratsiyaning asosiy vazifalari qatoriga mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishini tahlil qilish, islohotlarni tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlash kiritildi.

Shuningdek, qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash, inson huquq va erkinliklariga rioya etilishiga ko‘maklashish hamda sud-huquq tizimini isloh qilishda ishtirok etish vazifalari belgilandi.

Administratsiya aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, fuqarolarning Prezidentga murojaat qilish huquqini amalga oshirishi uchun sharoit yaratish bilan ham shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, davlat kadrlar siyosati, qonunchilik siyosati, tashqi munosabatlar va Prezident huzuridagi maslahat-kengash organlari faoliyatini tashkiliy ta’minlash ham Administratsiya vazifalari qatoriga kiritildi.

Qonun Administratsiyaga davlat organlari va tashkilotlaridan zarur ma’lumotlarni so‘rash va olish, ular faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish vakolatini beradi.

Administratsiya rahbari esa Prezidentga bevosita bo‘ysunuvchi davlat organlari rahbarlari faoliyatini nazorat qilishi, ularga topshiriqlar berishi va natijadorligini baholashni tashkil etishi mumkin.

Hujjatda Administratsiya faoliyatining asosiy prinsiplari ham belgilangan. Ular qatorida Konstitutsiya va qonunlar ustunligi, inson huquq va erkinliklarining ustuvorligi, xolislik, mustaqillik, ochiqlik va shaffoflik ko‘rsatilgan.

Qonunning to‘liq matni bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring