Rossiyadagi fojia sabab hukumat komissiyasi tuzildi, qurbonlar soni oshgan
Rossiyada dron hujumi sabab halok bo‘lgan va jabrlangan o‘zbekistonliklar ishi bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi. Bu haqda FVV ma’lumot berdi.
2026-yil 10-avgust kuni tongda Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasi Nijnekamsk shahrida joylashgan bir qator obyektlarga uchuvchisiz uchish apparatlari (dron) orqali hujum sodir bo‘ldi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hodisa oqibatida Nijnekamsk shahri hududida faoliyat yuritgan qurilish korxonasida quruvchi bo‘lib ishlagan jami 8 nafar O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lgan hamda bir nechta fuqarolarimiz turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga joylashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Hukumat komissiyasini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Hukumat komissiyasiga hodisa oqibatida jabrlangan fuqarolarimizning holidan xabar olish va ularga barcha zarur yordam ko‘rsatish, halok bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini havo transportida maxsus reys orqali olib kelish va tegishli manzillarga yetkazish, shuningdek ularning oila a’zolariga har tomonlama ko‘maklashish vazifalari yuklatildi.
Shuningdek, farmoyishga muvofiq Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Migratsiya agentligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat Maxsus ishchi guruh Rossiya Federatsiyasiga yuborilib, barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Hozirda hodisa joyiga O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi vakillari yetib borib, rossiyalik hamkasblari bilan doimiy aloqada bo‘lgan holda, hamkorlikda tezkor chora-tadbirlarni ko‘rmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter