Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yosh muhandislar dronga qarshi tura oladigan ixtirolarini namoyish etishdi

Yosh muhandislar dronga qarshi tura oladigan ixtirolarini namoyish etishdi

“Kelajak muhandislari” Respublika ko‘rik tanlovining 5, 6 va 7 avgust kunlari o‘tkazilgan final bosqichida akseleratsiya bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan 90 nafar eng kuchli ishtirokchi o‘z loyihalarini taqdim etdi. Tanlovning “Eng yaxshi g‘oya”, “Eng yaxshi loyiha” va “Eng yaxshi ixtiro” yo‘nalishlarida talabalar, muhandislar hamda professor o‘qituvchilar tomonidan yaratilgan innovatsion ishlanmalar namoyish etildi.

Final bosqichida suv resurslarini tozalashdan tortib aviatsiya va havo xavfsizligigacha bo‘lgan turli yo‘nalishlarni qamrab olgan qator istiqbolli loyihalar taqdim etildi. Ular orasidan amaliy ahamiyati va innovatsion yondashuvi bilan ajralib turgan ishlanmalarni e’tiboringizga havola qilamiz.

Mahalliy xomashyodan suv tozalovchi membrana

Termiz davlat universiteti Kimyo fakulteti professor o‘qituvchisi va loyiha rahbari Yoqubjon Bozorov tomonidan «UZECOMEM» loyihasi taqdim etildi. Mazkur ishlanma suv resurslarini tozalash va uning sifatini yaxshilashga qaratilgan.

Loyihaning asosiy maqsadi suvni tozalashda qo‘llaniladigan yuqori samarali membrana filtrlarini mahalliy xomashyo asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdan iborat. Ishlab chiqilgan filtrlar kimyoviy va mexanik ta’sirlarga yuqori darajada chidamli bo‘lib, suv tarkibidagi turli moddalar va tuzlarni samarali ushlab qolish imkonini beradi.

Loyihaning mahalliy xomashyoga asoslangani suvni tozalash texnologiyalarini mamlakat sharoitida rivojlantirish va ushbu yo‘nalishda import o‘rnini bosuvchi yechimlarni yaratish uchun muhim imkoniyat yaratadi.

Real parvozni aks ettiruvchi samolyot simulyatori

Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti Aviatsiya muhandisligi yo‘nalishining 2 kurs talabasi Abdaliyev Komronbek Begali o‘g‘li tanlov finalida professional samolyot simulyatorini taqdim etdi.

Yosh muhandis tomonidan yaratilgan simulyator erkinlik darajasiga ega harakatlanuvchi tizim bilan jihozlangan. Mazkur texnologiya samolyotning real parvoz dinamikasini aks ettirish imkonini beradi.

Ushbu ishlanma aviatsiya sohasida ta’lim olayotgan talabalar va bo‘lajak mutaxassislarning parvoz jarayonlarini amaliy tarzda o‘rganishi uchun zamonaviy texnologik muhit yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Sun’iy intellekt va lazer asosidagi anti dron tizimi

Yosh ixtirochi muhandis Ikromjon Mo‘ydinjonov tomonidan “ARGUS SYS” anti UAV tizimi taqdim etildi. Mazkur ishlanma uchuvchisiz uchish apparatlarini aniqlash va zararsizlantirishga qaratilgan.

Tizim YOLOv8 sun’iy intellekt algoritmi va optik uzatgichlar yordamida dronlarni avtomatik aniqlash hamda nishonga olish imkonini beradi. Loyiha doirasida 500 vatt quvvatga ega 405 nanometrli lazer texnologiyasidan foydalanilgan bo‘lib, taqdimotda tizimning 1000 metrdan ortiq masofadagi nishonni ikki soniyadan kam vaqt ichida bartaraf etishga mo‘ljallangani qayd etildi.

Loyihaning sun’iy intellekt, optik texnologiya va lazer tizimini yagona yechimda birlashtirgani uning innovatsion jihatini namoyon etadi.

“Shunqor 88” innovatsion dron interseptori

Ismoilov Bilolxon va uning jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan “Shunqor 88” qurilmasi havo xavfsizligini ta’minlashga mo‘ljallangan innovatsion ishlanmalardan biridir.

Mazkur dron soatiga 450 kilometrgacha tezlikda harakatlana olishi va 8, 10 kilometr masofadagi xavfli uchuvchisiz uchish apparatlarini zararsizlantirishga mo‘ljallangani bilan ajralib turadi.

Loyihaning yana bir muhim jihati uning iqtisodiy samaradorligidir. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, an’anaviy havo mudofaasi raketalarining qiymati 2 million dollardan 5 million dollargacha yetishi mumkin bo‘lgan bir sharoitda “Shunqor 88” qurilmasini ishlab chiqarish qiymati 20 ming dollardan 50 ming dollargacha baholanmoqda.

Muhandislik va innovatsiyalar uchun yangi imkoniyatlar

“Kelajak muhandislari” tanlovida namoyish etilgan ushbu loyihalar zamonaviy muhandislik yechimlarining turli sohalarda rivojlanayotganini ko‘rsatmoqda.

Suv resurslarini muhofaza qilish, aviatsiya ta’limini takomillashtirish va havo xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan ishlanmalar yoshlar hamda tajribali mutaxassislarning amaliy muammolarga innovatsion yechim izlayotganini namoyon etmoqda.

Tanlov yakunlari bo‘yicha 9 nafar mutlaq g‘olib aniqlanadi. G‘oliblardan biri bosh sovrin sifatida Prezident sovg‘asi bo‘lgan BYD Chazor avtomobiliga ega bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring