«Shunqor-8»: O‘zbekistonda dronlarni tutib qoluvchi ilk qurilma yaratildi
O‘zbekiston Innovatsion texnologiyalar markazi respublikadagi ilk antidron-interseptor — «Shunqor-8»ni taqdim etdi. Antidronni markaz muhandisi Bilolxon Ismoilov ishlab chiqqan.
Ma’lumot berilishicha, standart qanotli kamikadze dronlar 2 ming kilometrgacha masofadagi nishonlarni o‘rtacha 130–180 km/soat tezlikda urishi mumkin. Ularning narxi 20 ming dollardan 50 ming dollargacha bo‘ladi. Bunday dronlarni urib tushirishda qo‘llanadigan klassik havo hujumidan mudofaa tizimlari raketalarining narxi esa 2–4 million dollarni tashkil etadi.
O‘zbekistonlik muhandisning ishlanmasi esa havo hujumidan mudofaa raketalaridan 900 barobar arzon — 20–50 ming dollar atrofida. Mahalliylashtirish darajasi esa 45 foizni tashkil etmoqda.
Muallifning aytishicha, «Shunqor-8»ning maksimal tezligi soatiga 450 kilometrgacha yetadi. Qurilmaning ta’sir radiusi 8–10 kilometrni, havoda qolish vaqti esa 10–15 daqiqani tashkil etadi. U 1 kilogrammgacha foydali yuklamani olib yurishi mumkin. Oktokopter turidagi qurilma vertikal ravishda parvoz qilishi va qo‘nishi mumkin, shuningdek, gorizontal tekislikda manyovr qila oladi.
Tizim radiolokatsiya stansiyalari bilan ishlaydi. Aniqlangan nishon haqidagi ma’lumotlar operatorga uzatiladi va u interseptorni havoga ko‘taradi. Dushman uchuvchisiz havo vositasini yo‘q qilish havoda kinetik zarba yoki jangovar qismni portlatish orqali amalga oshiriladi.
Ma’lum qilinishicha, «Shunqor-8» hozirgacha Chirchiq, Aranchi va Kattaqo‘rg‘ondagi poligonlarda sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter