Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tramp yana bir davlatga urush ochmoqchi

Tramp yana bir davlatga urush ochmoqchi

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington va Tehron o‘rtasida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yuzasidan muzokaralarga xalal bersa, O‘mon sultonligiga qarshi urush ochish bilan tahdid qildi.  

“Agar O‘mon muzokaralarga xalaqit qilsa, uning tanobini tortib qo‘yamiz”, – degan Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida.

17-avgust kuni AQSh va Eron o‘rtasida iyun oyida imzolangan o‘zaro tushunish memorandumining amal qilish muddat tugadi.  

Ayni paytda Eron va O‘mon rasmiylari strategik ahamiyatga ega Ho‘rmuz bo‘g‘ozini birgalikda nazorat qilish imkonini muhokama qilmoqda.  

Eron tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Tehron va Masqat o‘rtasida bo‘g‘ozdagi navigatsiya yo‘nalishlari xaritasi borasida o‘zaro tushunishga erishilgan.

“Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hududida biz, mintaqa va butun dunyo uchun beqarorlikni keltirib chiqarishdi.  Bu juda murakkab masala. Ikki sohilbo‘yi davlat (Eron va O‘mon) suvereniteti va suveren huquqlarini himoya qilish va ushbu suv yo‘li orqali tijoriy kemalarning daxlsiz harakatini ta’minlashga qaratilgan mexanizm shakllantirilmoqda”, – degan Eron TIV vakili Ismoil Baqoiy.

Ikki qo‘shni davlatning bo‘g‘ozni nazorat qilishga urinishi AQShga xush kelmayotir. Trampning o‘zi Ho‘rmuz bo‘g‘ozini AQSh nazorat qilayotgani haqida bayonot bergan. Eron rasmiylari bu da’voni rad etmoqda.  

Trampning agressiv bayonotlari AQSh Demokratik partiyasi vakillarini darg‘azab qilmoqda. Jumladan, senator-demokrat Tim Keyn yozgi ta’tildan keyin Kongressning yuqori palatasiga prezidentning qonunchilik idorasi ruxsatisiz O‘monga zarba berishini man etuvchi qonun loyihasi kiritilishini aytgan.

“Uning tahdidlari AQSh bilan mustahkam diplomatik aloqalarga va erkin savdo to‘g‘risidagi bitimga ega O‘mondagi zaxiralarimizni yo‘qqa chiqaradi”, – deya prezidentlik “vakolatlaridan mast bo‘lib qolgan” Trampni tanqid qilgan senator Tim Keyn.

AQSh va Isroil joriy yil 28-fevral kuni Eronga qarshi keng ko‘lamli urush ochgani ortidan Tehron hukumati dunyo neft va gazining salmoqli qismi tashiladigan, strategik ahamiyatga molik Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ydi.

Buning ortidan butun dunyoda, jumladan, AQShda energiya manbalari narxi oshdi. Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasidan Trampga bosim o‘tkazish maqsadida foydalanmoqda.

Iqtisodiy tahlillarga ko‘ra, agar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi avgust oyigacha yopiq qolsa, bu 2008-yildagi jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi ko‘lamiga yaqin iqtisodiy pasayish xavfini oshiradi.

Axios nashrining yozishicha, Tramp ma’muriyati Eron bilan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofida yuzaga kelgan keskinlik uzoq davom etishi mumkinligiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Vaziyatning qancha davom etishi Tehronning keyingi harakatlariga bog‘liq.

Avvalroq Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanuvchi kemalardan 20 foizlik yig‘im undirish tashabbusini ilgari surgan Tramp Yaqin Sharq davlatlari bilan muzokaralardan so‘ng bu rejadan voz kechgandi.

Darvoqe, joriy yil iyun oyida O‘mon hukumati Yevropa davlatlarini kelajakda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovi uchun to‘lov joriy qilinishi mumkinligidan ogohlantirgani ma’lum. Ehtimoliy to‘lovlar kemalarning bo‘g‘oz orqali o‘tishi uchun emas, balki navigatsiya xizmati, dengiz xavfsizligini ta’minlash va ifloslanishni bartaraf etish kabi xizmatlar uchun joriy etilishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring