O‘zbekiston suv taqchilligiga yangi yechim izlamoqda
Yomg‘irni istalgan vaqtda yog‘dirish mumkinmi? Tog‘larda muzlik yaratib, suvni oylab saqlash-chi? Ilgari fantastikadek tuyulgan bu g‘oyalar endi O‘zbekistonda amaliy tajriba sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
2026-yil 31-martda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 135-son qarorida To‘palang daryosining yuqori qismida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish va sun’iy muzliklar yaratish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirish belgilangan.
Biz bu xabarni shunchaki «O‘zbekiston sun’iy yomg‘ir yog‘dirmoqchi» degan sarlavha bilan ham e’lon qilishimiz mumkin edi. Ammo masalaning mohiyati ancha jiddiy. Chunki gap yomg‘ir haqida emas. Gap — suv haqida.
Iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyo uchun abstrakt ilmiy tushuncha bo‘lib qolmayapti. Yog‘ingarchilikning beqarorligi, havo haroratining ko‘tarilishi, tog‘lardagi qor va muz zaxiralarining o‘zgarishi suv resurslariga bevosita ta’sir qilmoqda.
Ayniqsa, O‘zbekiston kabi suv resurslarining katta qismi transchegaraviy daryolar va tog‘larda shakllanadigan oqimlarga bog‘liq mamlakat uchun bu masala strategik ahamiyatga ega.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, To‘palangdagi tajriba — tabiatni o‘zgartirishga urinish emas. Bu mavjud suv resurslaridan yanada samarali foydalanish imkoniyatlarini izlashdir.
Sun’iy yomg‘ir deganda osmonga suv sepib, yomg‘ir yog‘dirish tushunilmaydi. Gap, asosan, bulutlarni urug‘lantirish — cloud seeding texnologiyasi haqida ketmoqda.
Unda yog‘in berish uchun mos bulutlarga maxsus zarrachalar kiritilib, bulut ichidagi mikrofizik jarayonlarga ta’sir ko‘rsatishga harakat qilinadi. Ya’ni, osmonda bulut bo‘lsa undagi namlikdan ko‘proq yog‘in olishga uriniladi. Bulut bo‘lmagan taqdirda esa, texnologiya yordamida yomg‘irni noldan yaratib bo‘lmaydi.
Jahon meteorologiya tashkiloti ham aynan shu jihatni ta’kidlaydi, atmosferadagi jarayonlar shu qadar ulkan energiyaga egaki, bulutsiz hududda yomg‘irli bulut tizimini sun’iy ravishda yaratish yoki shamolni o‘zgartirib, boshqa hududdan namlik olib kelish imkoni yo‘q.
Shuning uchun O‘zbekiston istagan paytida yomg‘ir yog‘diradi degan xulosa noto‘g‘ri. To‘palangdagi loyihaga ham aynan muayyan meteorologik sharoitlarda yog‘inni kuchaytirish imkoniyatini sinab ko‘rish sifatida qarasak to‘g‘ri bo‘ladi.
Bulutlarni urug‘lantirish dunyoda yangi texnologiya emas. Jahon meteorologiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, yog‘inni ko‘paytirish, qor yog‘ishini kuchaytirish, tumanni tarqatish yoki do‘l ta’sirini kamaytirishga qaratilgan ob-havoni modifikatsiya qilish dasturlari 50 dan ortiq mamlakatda amalga oshirilmoqda.
Biroq bu texnologiya atrofida hali ham katta ilmiy savollar bor. Chunki tabiatda yomg‘ir yog‘ishiga bir vaqtning o‘zida o‘nlab omillar ta’sir qiladi. Shu sababli «yog‘ingarchilik oshdi, demak, texnologiya ishladi» degan xulosa ilmiy jihatdan yetarli emas.
Mutaxassislar urug‘lantirilgan va urug‘lantirilmagan bulutlarni taqqoslashi, meteorologik ma’lumotlarni yig‘ishi va natijani statistik jihatdan baholashi kerak. Jahon meteorologiya tashkiloti ham bunday tajribalarda obyektiv statistik baholash va fizik modellardan foydalanish zarurligini ta’kidlaydi.
Demak, To‘palangdagi tajribaning haqiqiy muvaffaqiyati faqat yomg‘ir yog‘dimi-yo‘qmi, bilan emas, qancha qo‘shimcha yog‘in olindi va bu natija aynan texnologiya hisobiga yuz bergani qanchalik ishonchli isbotlandi, degan savollar bilan o‘lchanadi.
2026 yil boshida Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi Sarchashma mahallasida Ice Stupa — sun’iy muzlik ustunlari texnologiyasi joriy qilindi.
FAO ma’lumotiga ko‘ra, bu yerda to‘rtta sun’iy muzlik ustuni barpo etilgan. Har bir ustun qish mavsumida 450 kub metrgacha suvni muz shaklida to‘plashi mumkin. Havo isishi bilan muz sekin erib, bahor va yozda sug‘orish hamda xo‘jalik ehtiyojlari uchun ishlatiladi.
Eng muhimi, bu texnologiya tashqi energiya manbasini talab qilmasligi va tog‘li hududlarning tabiiy sharoitiga moslashtirilgani qayd etilgan.
To‘palang daryosi Surxondaryo viloyati uchun oddiy daryo emas. Uning suvi aholi, qishloq xo‘jaligi va hududning umumiy suv ta’minoti uchun muhim manbalardan biri hisoblanadi. Shuning uchun daryoning yuqori qismida yog‘in miqdorini oshirish yoki qishki suvni muz shaklida zaxiralash bo‘yicha tajriba o‘tkazilishi pastdagi hududlarning suv ta’minoti bilan bevosita bog‘liq.
Ammo texnologiyaga ortiqcha umid bog‘lash ham to‘g‘ri emas. Sun’iy yomg‘ir texnologiyasi haqida gap ketganda, eng katta xatolardan biri uni qurg‘oqchilikka qarshi tayyor yechim sifatida ko‘rsatishdir.
Jahon meteorologiya tashkiloti bunday texnologiyalarning samarasi bulutning xususiyatlari va tabiiy sharoitlarga juda kuchli bog‘liqligini ta’kidlaydi. Ayrim usullar bo‘yicha ilmiy dalillar kuchayib borayotgan bo‘lsada, natijalarni bir hududdan boshqasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirish mumkin emas.
Agar natija ijobiy bo‘lsagina, O‘zbekistonning boshqa tog‘li hududlarida ham shunday texnologiyalardan foydalanish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin.
Agar natija kutilganidek bo‘lmasa, bu ham muhim ilmiy natija. Chunki mamlakat o‘z iqlimida qaysi texnologiya ishlamasligini ham bilib oladi.
Aslida, sun’iy yomg‘ir haqidagi muhokama bizda yana bir savolni tug‘dirishi kerak. Suvni ko‘paytirishga urinishdan oldin mavjud suvni qanchalik tejayapmiz?
Yangi texnologiyalar, jumladan, sun’iy yomg‘ir, sun’iy muzlik, raqamli monitoring, aniq meteorologik prognozlar — suv xavfsizligining bir qismi bo‘lishi mumkin. Ammo ular suvdan samarasiz foydalanish, eski infratuzilma yoki yo‘qotishlar muammosini o‘z-o‘zidan hal qilmaydi.
O‘zbekiston endi faqat osmonga qarab, yomg‘ir kutib o‘tirishni emas, tabiiy jarayonlarni ilmiy texnologiyalar yordamida o‘rganish va ulardan foydalanish yo‘llarini izlamoqda.
Bugun bu — tajriba. Ertaga esa agar ilmiy jihatdan o‘zini oqlasa, suv xavfsizligining yangi vositalaridan biriga aylanishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter