Turkiyada 10 nafar o‘zbekistonlik ushlandi: bosh konsulxona bayonoti
Ijtimoiy tarmoqlarda Turkiyaning Aydin viloyatida 30 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi bank kartalari orqali amalga oshirilgan shubhali pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq holat yuzasidan qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi.
Turkiya Ichki ishlar vazirligining tegishli tuzilmalaridan olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur holat doirasida 10 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi xabarida.
Hozirgi vaqtda ularning ayrimlari sud qaroriga asosan jazoni ijro etish muassasasida, ayrimlari deportatsiya markazida saqlanmoqda. Yana bir qismi esa mamlakat hududidan chiqmaslik sharti bilan ozod etilib, ularga nisbatan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Fuqarolarga nisbatan ko‘rilayotgan huquqiy choralar ularning mazkur holatga aloqadorlik darajasi, bank hisobvaraqlari orqali o‘tkazilgan mablag‘lar miqdori hamda tergov davomida aniqlanayotgan boshqa holatlardan kelib chiqib belgilanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi vaziyatni tegishli Turkiya idoralari bilan hamkorlikda kuzatib bormoqda hamda fuqarolarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish doirasida zarur konsullik-huquqiy ko‘mak ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan Bosh konsulxona fuqarolarni shaxsiy bank kartalari, hisob raqamlari va mobil bank xizmatlarini begona shaxslarga bermaslikka, boshqa shaxslarning iltimosiga ko‘ra kelib chiqishi noma’lum mablag‘larni qabul qilmaslik va o‘tkazmaslikka chaqirgan.
Bank kartasi yoki hisob raqamini boshqa shaxslarga foydalanish uchun berish, shuningdek, kelib chiqishi noma’lum mablag‘larni o‘tkazishda vositachilik qilish Turkiya qonunchiligiga muvofiq jiddiy huquqiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter