Navoiyda noqonuniy oltin qazish davlatga 13 mlrd so‘m zarar keltirdi
DXX va IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Navoiy viloyatida davlat zaxirasidagi yerlardan oltin rudasini noqonuniy qazib olib, kimyoviy ishlov berish bilan shug‘ullangan guruh qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, guruhga paxtachilik fuqaro (1988-y.t.) boshchilik qilgan. U Karmana tumanidagi parrandachilik xo‘jaligi binosini ijaraga olib, u yerda yashirin sex tashkil etgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 200 kg yarim tayyor oltin, 200 ta qopda oltin moddasi bo‘lgan qum va toshlar, 300 kg kimyoviy vositalar, 1 dona maxsus laboratoriya jihozi, 8 dona gaz ballon, 1 dona maxsus tegirmon va boshqa asbob-uskunalar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat manfaatlari va ekologiyaga yetkazilgan zarar 7 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etmoqda.
Mazkur holat yuzasidan guruh tashkilotchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 196²-moddasi (Yer qa’rini muhofaza qilish va undan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Viloyatning Navbahor tumanida esa mahalliy MChJ rahbari tomonidan tashkil etilgan yashirin oltin qazish faoliyatiga chek qo‘yildi. Aniqlanishicha, u soxta ruxsatnoma asosida «Sarmishsoy» davlat muzey-qo‘riqxonasi hududidagi 8 gektar maydonda 19 nafar shaxsni yollab, noqonuniy qazish ishlarini olib borgan.
Tezkor tadbir davomida 6 kg yarim tayyor oltin, 430 tonnadan ortiq tarkibida oltin moddasi bo‘lgan rudalar, 1,4 kg kimyoviy vositalar, 4 ta yuk avtomobili, 4 ta yuklovchi traktor hamda asbob-uskunalar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 6,1 mlrd so‘mlik qazilma boyliklar talon-toroj qilingan.
Hozirda holat yuzasidan laboratoriya tahlillari tayinlanib, ekologiya va atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanmoqda, deyiladi xabarda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter