Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Shavkat Mirziyoyev qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida ishtirok etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida ishtirok etdi

28-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Shahidlar xotirasi xiyobonida qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida ishtirok etdi.

Marosimda Vatan ozodligi yo‘lida halok bo‘lgan ajdodlar xotirasiga Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Davlat rahbari ulamolar va ziyolilar bilan tarixiy xotirani asrash, qatag‘on qurbonlari nomini tiklash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan muloqot qildi.

Shavkat Mirziyoyev Mustaqillikning 35 yilligi arafasida ozodlik va istiqlol yo‘lida qurbon bo‘lgan ajdodlarni xotirlash muqaddas burch ekanini ta’kidladi.

Prezident keyingi yillarda qatag‘on qurbonlarini oqlash va ular xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga to‘xtaldi. 2021–2025 yillarda Oliy sud tomonidan 1 ming 200 dan ziyod qatag‘on qurboni oqlangan. 2026-yilda esa yana 161 nafar vatandoshning nomi oqlandi.

Shuningdek, o‘tgan asrning 80-yillaridagi «paxta ishi» va «o‘zbek ishi» doirasida 1983–1990 yillarda 40 ming nafar o‘zbekistonlik tergov qilinib, 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgani qayd etildi.

Davlat rahbari dunyoda qurolli mojarolar va siyosiy qarama-qarshiliklar kuchayib borayotgan bir paytda mamlakatdagi tinchlik va hamjihatlikni asrash muhimligini ta’kidladi.

«Bizning yo‘limiz — tinchlik, do‘stlik va hamkorlik yo‘li. O‘zbekiston ushbu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaydi», dedi Prezident.

Muloqotda yoshlar ta’limiga ham e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, so‘nggi o‘n yilda mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalari soni 77 tadan 205 taga yetgan. Ayni paytda jahonning TOP-100 taligiga kiruvchi universitetlarda 3,5 mingdan ziyod o‘zbekistonlik yoshlar tahsil olmoqda.

Prezident yoshlarni milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Marosim yakunida ulamolar qatag‘on qurbonlari va Vatan ozodligi yo‘lida jon fido etgan ajdodlar ruhiga duo qilib, yurtda tinchlik va farovonlik barqaror bo‘lishini tiladilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring