O‘zbekiston hukumati Vatikanga yangi elchisini jo‘natdi
Vatikanning Havoriylar saroyida O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Farruh Tursunov Rim Papasi Lev XIVga ishonch yorliqlarini topshirdi.
«Dunyo» AAning xabar berishicha, suhbat chog‘ida elchi O‘zbekiston Prezidenti nomidan Rim papasiga samimiy salom va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
Rim papasi Lev XIV O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga chuqur hurmat-ehtiromini izhor etdi. U O‘zbekiston va Vatikan o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 33 yil davomida turli millat va din vakillari o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qaratilgan mustahkam hamkorlik salohiyati shakllanganini ta’kidladi.
Shuningdek, u Samarqandning Sharq va G‘arb dunyosiga ta’sir ko‘rsatadigan falsafiy va diniy tafakkurning yirik markazi sifatidagi ahamiyatiga alohida e’tibor berdi. O‘zbekiston an’anaviy ravishda dinlararo totuvlik va bag‘rikenglik tamoyillarini ilgari surish tarafdori ekani, bu boradagi xalqaro tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida Rim papasi Lev XIV o‘zbek xalqining gullab-yashnashi uchun ibodat qilishini ta’kidlab, O‘zbekiston va Vatikan o‘rtasidagi do‘stlik va konstruktiv hamkorlik yanada mustahkamlanishini tiladi.
Eslatib o‘tamiz, Farruh Tursunov O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi hisoblanadi. 2024-yil 9-aprel kuni diplomat Ispaniya Qiroli Filipp VI’ga ishonch yorliqlarini topshirgan.
Bundan tashqari, diplomat o‘rindoshlik asosida O‘zbekistonning Andorradagi elchisi hisoblanadi. 2025-yil 11-mart kuni u Andorra hamraisi, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronga ishonch yorliqlarini topshirgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter