O‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar Erasmus Mundus stipendiyasi sohibi bo‘ldi
2026-yilda 9 nafar o‘zbekistonlik iqtidorli talaba Yevropa Ittifoqi (YI)ning Erasmus Mundus qo‘shma magistrlik dasturiga qabul qilindi. Shu tariqa ular Yevropaning yetakchi universitetlarida tahsil olib, xalqaro akademik tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Joriy yilgi tanlov natijalariga ko‘ra, 4 nafar talaba Erasmus Mundus stipendiyasi sohibiga aylangan bo‘lsa, 5 nafar talaba self-funded tartibida o‘qishni boshlaydi. Ular O‘zbekistonning 9 ta oliy ta’lim muassasasini tamsil etmoqda.
Dastur g‘oliblari Fransiya, Italiya, Finlyandiya, Niderlandiya, Irlandiya, Polsha, Serbiya va Buyuk Britaniyadagi universitetlarda tahsil oladi.
«Ushbu natijalar O‘zbekiston yoshlarining xalqaro ta’limdagi faolligi ortib borayotgani va Erasmus Mundus dasturining akademik mobillik hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim o‘rnini yana bir bor namoyon etadi», — deyiladi YIning yurtimizdagi delegatsiyasi xabarnomasida.
Ma’lumot o‘rnida: Erasmus Mundus — iqtidor egalarining ta’lim, kasbiy va shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan YI dasturidir. Qo‘shma magistrlik tahsili doirasida o‘quv dasturi, sayohat xarajatlari, sug‘urta, vizani qo‘llab-quvvatlash, oylik stipendiya va boshqalarni o‘z ichiga olgan grant taqdim etiladi.
Yevropa universitetlari konsorsiumi tomonidan ishlab chiqilgan noyob magistrlik kurslari doirasida talabalar bilim olibgina qolmay, mezbon davlatlar bilan tanishib, yangi madaniyatlarni ham kashf etadilar.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisi Tomash Zdexovskiy 2025-yil aprel oyida yurtimizga tashrifi chog‘i YI tomonidan o‘zbekistonlik talabalar uchun ajratilgan grant ko‘rsatkichi bosqichma-bosqich oshirib borilishini aytgandi.
Yurtdoshlarimiz avvalgi yillarda ham Erasmus Mundus qo‘shma magistrlik dasturida ijobiy natijalarni qayd etgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter