Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Propan narxini asossiz oshirgan 31 ta kompaniyaga chora ko‘rildi

Propan narxini asossiz oshirgan 31 ta kompaniyaga chora ko‘rildi

Raqobat qo‘mitasi Maxsus komissiyasi tomonidan propan import qiluvchi sub’yektlar faoliyati o‘rganilib, 2025-yil noyabr–dekabr va 2026-yil yanvar oylarida birja savdolarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Xususan, ayrim kompaniyalar boshlang‘ich narxlarni asossiz oshirgani va mahsulot hajmini sun’iy ravishda birjaga chiqarmaslik orqali narxlarni ko‘targani qayd etildi.

Qo‘mita tomonidan ko‘rilgan tezkor choralar natijasida propan narxi 21 foizgacha pasaytirildi. Bu esa bozordagi sun’iy bosimni bartaraf etishga xizmat qildi.

Tekshiruvlar davomida jami 31 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yekt tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablari buzilgani e’tirof etildi. Ular orasida bir qator kompaniyalar birja savdolarida raqobatga zid muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirgani aniqlandi.

Maxsus komissiya xulosasiga ko‘ra, 12 ta kompaniya birja savdolarida o‘zaro kelishilgan holda harakat qilib, raqobatni cheklashga uringan. Qolgan holatlarda esa mahsulotni birja orqali emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotish orqali qonun talablari buzilgani qayd etildi.

Shuningdek, ayrim sub’yektlar tomonidan propanning boshlang‘ich narxlari asossiz ravishda oshirilgani ham aniqlangan. Bu esa bozorda sun’iy qimmatlashuvga olib kelgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan 31 ta sub’yektga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanildi. Jami 28,9 mlrd so‘m miqdorida jarima belgilandi.

Bundan tashqari, qonunbuzilish orqali asossiz olingan 34,1 mlrd so‘m mablag‘ni davlat budjetiga qaytarish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Qo‘mita tomonidan kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring