«Sharoit izoh talab qilmaydi…» – Saida Mirziyoyeva Urgutdagi birlamchi tibbiyot bilan tanishdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Urgut tumanining chekka qishloqlaridan biridagi «Navoiy» poliklinikasi sharoitlari bilan tanishdi. 1972-yilda qurilgan bino kapital ta’mirga, yangi standartlar va tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga muhtoj bo‘lib, ayni paytda 13 mingdan ortiq aholi uchun birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatadi.
«16 ta qishloqda yashovchi aholi uchun esa bu tug‘ruqni qabul qiladigan eng yaqin va yagona tibbiyot maskani. Yuklama nihoyatda katta, sharoit esa izoh talab qilmaydi. Zax xonalarning kulrang oynalariga urilayotgan yomg‘ir tomchilari ham vaziyatni aks ettiryapti», – deb yozadi Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari mazkur holat bitta poliklinikaning muammosi emasligi, balki birlamchi tibbiy xizmat tizimida mavjud bo‘lgan katta muammolarning aksi ekanligini ta’kidlagan. Shuningdek, tizimdagi imkoniyatlarini ishga solish uchun oldinda diagnostika va davolash standartlarini takomillashtirish, kadrlar tayyorlash vazifalari turganini aytadi.
«Mutaxassislar bilan birgalikda viloyat sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha yangi master-rejani batafsil ko‘rib chiqdik.
Bu jarayon faqat binolarni ta’mirlash bilangina cheklanmaydi, balki birlamchi tibbiy-sanitariya tizimiga bo‘lgan yondashuv tubdan qayta ko‘rib chiqiladi. Bugun ko‘rganlarim shuni yana bir bor isbotladi: sog‘liqni saqlashdagi muammolarni faqat hisobot va hujjatlar asosida baholab bo‘lmaydi», – deydi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbariyati, shuningdek, Urgutning suv ta’minoti tizimidagi muammolar bilan ham tanishdi.
Qayd etilishicha, hududda suv bilan barqaror ta’minlanmagan minglab gektar yerlar hamda eskirgan nasos stansiyalari sabab yuqori suv yo‘qotishlari kuzatilgan. Ayrim hududlarda suv tanqisligi hosildorlikni pasaytirib, eksport salohiyatini cheklab kelmoqda.
Yangi loyihalar doirasida ushbu muammolar tizimli hal etilishi, 10 ming gektardan ortiq yer maydoni barqaror sug‘orishga o‘tkazilishi hamda nasos stansiyalari rekonstruksiya qilinishi aytildi.
Shu bilan birga, kichik suv omborlari quriladi, energiya tejamkor texnologiyalar joriy etiladi. Natijada suv resurslaridan foydalanish samaradorligi oshib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi va eksport imkoniyatlari kengayadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter