Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligiga tashrif buyurdi

Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligiga tashrif buyurdi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-aprel kuni Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari dastlab hokimlik binosi yonidagi Salar kanali ustiga qurilgan ko‘prikni borib ko‘rdi, hududdagi ko‘kalamzorlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi va shu yerda ko‘chat ekdi.

Shundan so‘ng tuman hokimligi binosida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Prezidentimiz 1992-1996-yillarda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi. Hokimlik binosida davlatimiz rahbari hokim bo‘lib ishlagan davrdagi qiyofada qayta tiklangan xizmat kabineti va xizmat avtomobili ko‘rsatildi. Davlatimiz rahbari hokimligi paytida qabul qilgan eng muhim qarorlar ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Tanishuv chog‘ida Prezidentimiz o‘sha vaqtdagi faoliyatidan xotiralari bilan bo‘lishdi.

Shu paytgacha Mirzo Ulug‘bek tumanida jamoat xavfsizligi, transport, ijtimoiy yordam, kommunal, moliya va bank kabi 30 ta tashkilot o‘z yo‘nalishi bo‘yicha alohida-alohida, tarqoq holda ishlayotgan edi. Yagona tizim yo‘qligi aholi murojaatini tezkorlik bilan hal qilishga katta to‘siq bo‘layotgan, ortiqcha vaqt va sarsongarchilikka sabab bo‘lardi.

Hozir hokimlikda vaziyatlar markazi tashkil etilib, sun’iy intellekt asosida tahlil qilish, muammolarni tezkor aniqlash va hal etish bo‘yicha “Aqlli tuman” platformasi yaratildi. Muhimi, tumandagi barcha mahalla vakillari bilan onlayn muloqot qilish, vaziyatdan doimo xabardor bo‘lish imkoniyati yaratilgan.

Bu yerda ijtimoiy va kommunal muammolar monitoring qilinadi, aholi murojaatlari ijrosi nazoratga olinadi, favqulodda holatlarda tegishli xizmatlar faoliyati tezkor boshqariladi va muvofiqlashtiriladi.

Platforma tarkibidagi “Xavfsiz tuman” tizimi huquqbuzarliklarni monitoring qilish va jamoat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Tadbirkorlik sub’yektlarining raqamli xaritasi sun’iy intellekt tahlili asosida soliq tushumlarini prognoz qilish va ularning yig‘iluvchanligini ta’minlashga qaratilgan. “AI Davomat” tizimi esa maktablarda sababsiz dars qoldirish holatlarini bartaraf etish, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bunday platformalar Chilonzor, Shayxontohur va Olmazor tumanlarida ham ishga tushirildi.

Prezidentimiz vaziyatlar markazi faoliyati bilan tanishib, ushbu yangi tizimni poytaxtning qolgan tumanlarida ham joriy etishga topshiriq berdi. Barcha viloyat hokimlari, prokurorlari, ichki ishlar, xavfsizlik va soliq idoralari rahbarlari Mirzo Ulug‘bek tumaniga kelib, ushbu yangi tizimni o‘rganishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring