Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev narkotahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi

Shavkat Mirziyoyev narkotahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandda o‘tayotgan «Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish» mavzusidagi xalqaro forum ishtirokchilariga murojaat yo‘llab, unda jumladan, narkotahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha qator takliflarni ham ilgari surdi.

«Bu xavflarga qarshi kurashish, narkojinoyatlarning oldini olish bo‘yicha quyidagi tashabbuslarni ilgari suramiz.

Birinchidan, transmilliy narkojinoyatlarga qarshi kurashishda tezkor axborot almashinuvi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Shu bois, barcha ishtirokchi davlatlar huquq-tartibot idoralari ma’lumotlar bazasini birlashtiradigan, sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan yagona raqamli platformani ishga tushirishni
taklif etamiz.

Bu platforma narkotrafik yo‘nalishlarini barvaqt aniqlash, xavfli yuklar harakatini erta bosqichda fosh etish, transmilliy jinoiy guruhlar faoliyatini real vaqt rejimida kuzatib borishga xizmat qilishi kerak.

Ikkinchidan, narkobiznes bu faqat giyohvand moddalar aylanmasi emas, bu – milliardlab dollarlik yashirin iqtisodiyot, uyushgan jinoyatchilik va terrorizmni moliyalashtiradigan manba hamdir.

Jinoiy mablag‘larni yuvishning eng katta qismi bugun aynan raqamli aktivlar va offshor hududlar orqali amalga oshirilmoqda.

Narkobiznesni qurol bilan emas, pulsiz qoldirish orqali yengish mumkin. Agar biz uning «moliyaviy arteriya»larini bo‘g‘ib qo‘ysak, bu illat o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.

Shuning uchun kripto-birjalar uchun majburiy identifikatsiya standartlarini global darajada birxillashtirish, offshor yurisdiksiyalar bilan ma’lumot almashinuvi bo‘yicha majburiy kelishuvlar, «noma’lum manba» mablag‘larini avtomatik bloklash mexanizmlarini joriy etish zarur.

Shuningdek, noqonuniy mablag‘lar harakatini dunyo bo‘ylab avtomatik aniqlaydigan, uni qabul qilgan bank yoki moliyaviy tashkilotni darhol xavf toifasiga kiritadigan «xalqaro raqamli qora kod» tizimini joriy qilishni taklif etaman.

Uchinchidan, ko‘rib turibsizlar, kundan-kunga sintetik narkotiklarning yangi-yangi turlari paydo bo‘lmoqda.

Shu bois, doimiy muloqot maydonini ishga tushirib, sintetik narkotiklarga ruju qo‘ygan bemorlarni samarali davolash bo‘yicha zamonaviy metodika va standartlarni birgalikda yaratib borishni taklif qilamiz.

To‘rtinchidan, giyohvandlikka chalinganlarning tibbiy reabilitatsiyasi bo‘yicha tajriba almashish maqsadida Markaziy Osiyo Narkologlar assotsiatsiyasini tashkil qilsak, o‘ylaymanki, qo‘llab-quvvatlaysiz.

Ushbu tashkilotning Bosh ofisini Samarqand shahrida joylashtirishga tayyormiz.

Beshinchidan, bugun ayrim hududlarda narkotik yetishtirish va tarqatish iqtisodiy imkoniyatlar cheklangani, ish o‘rinlari yetishmasligi va ijtimoiy tengsizlik oqibatida saqlanib qolmoqda.

Shu bois, narkotrafik xavfi yuqori bo‘lgan hududlar uchun «maxsus rivojlanish dasturi»ni ishlab chiqishni taklif etamiz.

Bunda giyohvand moddalar yetishtirishga moyil hududlardagi rasmiy iqtisodiyotga faol investitsiyalar kiritish orqali aholi uchun barqaror daromad manbalarini yaratish, infratuzilmani yaxshilash, ta’lim va tibbiyotni rivojlantirish orqali aholining jinoiy iqtisodiyotga qaramligini kamaytirish bo‘yicha kompleks choralar ishlab chiqish maqsadga muvofiq.

Bunday dastur faqat grant yoki yordam emas, balki xalqaro hamjamiyatning umumiy mas’uliyati sifatida ko‘rilishi kerak», – dedi davlat rahbari o‘z murojaatida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring