Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sog‘liqni saqlash sohasida yangi inspeksiya va markazlar tashkil etiladi

Sog‘liqni saqlash sohasida yangi inspeksiya va markazlar tashkil etiladi

Sog‘liqni saqlash tizimida boshqaruv samaradorligini oshirishga qaratilgan Prezident farmoni qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida qator yangi tuzilmalar tashkil etiladi.

Jumladan, Salomatlik va strategik rivojlanish instituti negizida Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi faoliyat boshlaydi. Shuningdek, Klinik audit inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari hamda Kontent mediamarkazi tashkil etilishi belgilandi.

Farmonga ko‘ra, yangi tuzilmalar tibbiy xizmatlar sifati ustidan nazoratni kuchaytirish, aholi salomatligiga oid tahlillarni chuqurlashtirish va tizimdagi axborot siyosatini muvofiqlashtirishga xizmat qiladi. Hujjat 2026-yil 5-may kuni qabul qilingan.

Farmon bilan aholi murojaatlari va shikoyatlarini qabul qilish uchun autsorsing asosida «Call-markaz» tashkil etiladi. Uning vazifasi murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqish va tegishli tashkilotlarga yo‘naltirishdan iborat bo‘ladi.

Shuningdek, aholi va tibbiyot xodimlari bilan tizimli muloqotni ta’minlash maqsadida qayta aloqa tizimi — «Feedback» platformasi yo‘lga qo‘yiladi. Bu tizim orqali tibbiy xizmatlar sifati, ularning ommabopligi va mavjud muammolar tahlil qilinadi.

2026-yil 1-sentyabrdan tibbiyot assotsiatsiyalariga bir qator yangi vakolatlar beriladi. Ular tibbiy yordam ko‘rsatish standartlarini ishlab chiqish va muhokama qilish jarayonlarida ishtirok etadi.

Shuningdek, tibbiyot assotsiatsiyalari Sog‘liqni saqlash vazirligi va Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi taklifiga ko‘ra statsionar tibbiyot tashkilotlarida xizmat sifati baholanishida qatnashadi.

Farmon tibbiyot xodimlarining malakasini baholash, sertifikatlash va qayta tayyorlash jarayonlarida ham assotsiatsiyalar ishtirokini kengaytirishni nazarda tutadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring