Tesla sotuvlar soni bo‘yicha BYD’ni yana ortda qoldirdi
2026-yilning birinchi choragida Tesla global elektr avtomobil bozorida yana birinchi o‘ringa chiqdi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yanvar–mart oylarida jami 358 023 ta elektromobil yetkazib berilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,5 foiz o‘sishni tashkil etadi.
Xitoyning yetakchi ishlab chiqaruvchisi BYD sotuvi bu davrda sezilarli kamaydi. Kompaniyaning faqat to‘liq elektr avtomobillari segmentidagi ko‘rsatkichi 310 389 tani tashkil etib, yillik hisobda 25,5 foizga qisqardi.
Mutaxassislar bu holatni asosan Xitoy ichki bozorida talabning pasayishi bilan izohlamoqda. «BYD ichki bozordagi qiyinchiliklar sabab o‘sishdan ortda qoldi. Tesla esa global mijozlar bazasi hisobiga barqarorligini saqlab qoldi», deydi mustaqil tahlilchi Gao Shen.
Xitoyda davlat tomonidan berilayotgan subsidiyalarning qisqarishi elektromobillarga bo‘lgan talabga bevosita ta’sir qilgan. Yangi qoidalarga ko‘ra, avtomobilni almashtirishda beriladigan subsidiya 20 ming yuandan 12 foizlik chegaraga tushirildi.
Tesla va BYD o‘rtasidagi raqobat so‘nggi yillarda jahon elektromobil bozorining asosiy drayveriga aylangan.
2023-yil oxirida BYD birinchi marta Tesla’ni ortda qoldirgan edi. Ammo yangi iqtisodiy vaziyat yetakchilikni yana o‘zgartirdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter