Avtomobilda yuk va yo‘lovchilarni xalqaro tashishda yangi ruxsatnoma tartibi joriy etildi
Hukumatning 25-martdagi 114-son qarori bilan «Avtomobilda yuk va yo‘lovchilarni xalqaro tashishga ruxsatnomalarni ayirboshlash, berish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Ushbu nizomga ko‘ra, xalqaro tashishlar uchun ruxsatnomalarni ayirboshlash, berish va ulardan foydalanish tartibi aniq belgilab qo‘yildi. Ushbu tartib milliy va xorijiy tashuvchilar uchun teng qo‘llaniladi.
Shuningdek, O‘zbekiston ruxsatnomalarida tashish turlari hamda ulardan foydalanish shartlari alohida ko‘rsatiladi.
Yangi nizomda ruxsatnomalar bir nechta asosiy turlarga ajratilgan. Jumladan, ikki tomonlama va tranzit yuk tashish uchun alohida ruxsatnomalar nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, uchinchi davlatga yoki uchinchi davlatdan yuk tashish uchun maxsus ruxsatnomalar joriy etilgan. Universal ruxsatnomalar esa bir vaqtning o‘zida bir nechta turdagi tashishlarni qamrab oladi.
Yo‘lovchilarni tashishga doir ruxsatnomalar ham alohida tasniflangan. Ular ikki tomonlama va tranzit qatnovlarda nomuntazam yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallangan.
Nizomga muvofiq, xalqaro muntazam yo‘lovchi tashishlar faqat davlatlar o‘rtasidagi kelishuvlar asosida tashkil etiladi. Bu jarayon vakolatli organlar orqali muvofiqlashtiriladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter