Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sug‘urta agentlari uchun yangi qoidalar belgilandi

Sug‘urta agentlari uchun yangi qoidalar belgilandi

Sug‘urta agentlari faoliyatini tartibga soluvchi yangi nizom Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjatga muvofiq, sug‘urta agentlari bilan ishlash tartibi, ularning huquq va majburiyatlari hamda nazorat mexanizmlari aniq belgilab berildi.

Nizomga ko‘ra, sug‘urta agenti sug‘urtalovchi nomidan va uning topshirig‘i asosida sug‘urta shartnomalarini tuzish hamda ularning bajarilishini tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs hisoblanadi.

Sug‘urta agenti va sug‘urtalovchi o‘rtasidagi munosabatlar topshiriq shartnomasi, ya’ni agent bitimi orqali rasmiylashtiriladi. Yangi tartib mazkur jarayonlarni yanada shaffoflashtirishga qaratilgan.

Nizomga muvofiq, tuzilgan agent bitimi bir kun ichida sug‘urtalovchi tomonidan Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart.

Shundan so‘ng sug‘urta agentiga maxsus ID raqam beriladi. Bu esa agentlar faoliyatini yagona elektron baza orqali kuzatib borish imkonini yaratadi. Shuningdek, sug‘urtalovchilar o‘z agentlari faoliyatini har olti oyda kamida bir marta monitoring qilishi belgilandi.

Yangi nizomga ko‘ra, sug‘urta agenti orqali tuzilgan shartnomalar bo‘yicha vositachilik haqi sug‘urtalovchining hisob raqamiga tushgan sug‘urta mukofotining 25 foizidan oshmasligi kerak.

Bundan tashqari, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi insofsiz sug‘urta agentlarining maxsus reyestrini yuritadi va uni rasmiy veb-saytida ochiq e’lon qilib boradi.

Hujjatda bank krediti bilan bog‘liq sug‘urta shartnomalarini rasmiylashtirishda ham muhim qoida belgilangan. Unga ko‘ra, sug‘urtalovchi tashkilotni tanlash huquqi to‘liq ravishda sug‘urta qildiruvchida saqlanib qoladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring