“Bolnichniy” va “dekret” pullarini olish uchun xodim sug‘urta shartnomasi tuzishi kerakmi?
Savol: Hukumatning 796-sonli qaroriga asosan, 2026-yildan kasallik varaqasiga hamda homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqqan shaxslarga nafaqalar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasidan to‘lanadi, deyapmiz, to‘g‘rimi?
Ya’ni, gap “bolnichniy” va “dekret” puli haqida ketyapti. Ilgari birov bu turdagi tashkilotlarni nazorat qilmas edi. Hoxlasa to‘lardi, xoxlamasa to‘lamas edi ular. Endi, bu mas’uliyatni davlat o‘z zimmasiga olyapti. Davlat o‘zining Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan bu to‘lovlarni to‘lab beradigan bo‘lyapti.
Bu nafaqalar qaysi manbaalar hisobidan to‘lanadi? Albatta, davlat ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.
Shunda xodimlar alohida sug‘urta qilinishi kerakmi? Yoki xodimlar ishlaydigan tashkilot yuqoridagi nafaqalar to‘lanishi uchun qaysidir sug‘urta kompaniyasi bilan sug‘urta shartnomasi tuzadimi? Sug‘urta shartnomasi bo‘lmagan shaxslar bu nafaqalarni ololmaydimi?
Davlat ijtimoiy sug‘urtasi deganda, xodimlar yoki boshqa shaxslar qaysidir sug‘urta kompaniyasidan sug‘urtalanmaydi va hech kim bilan sug‘urta shartnomasi tuzmaydi.
796-sonli “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi doirasida vaqtincha mehnatga layoqatsizlik hamda homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 3-bandiga ko‘ra, “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha munosabatlar davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan majburiy asosda qamrab olinadigan fuqarolarga daromad hisoblangan paytdan, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan ixtiyoriy asosda qamrab olinadigan fuqarolarga sug‘urta badallari to‘langan paytdan boshlab yuzaga keladi” deyilgan.
Demak, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan majburiy sug‘urtalanadigan shaxslar va ixtiyoriy sug‘urtalanadigan shaxslar bor. “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra mehnat shartnomalari va fuqarolik-huquqiy shartnomalari asosida ishlayotgan barcha fuqarolar davlat ijtimoiy sug‘urtasi majburiy bo‘lganlarga kiradi. Ushbu qonun 1-yanvardan kuchga kirdi.
Endi ushbu ikkala qoidani bir-biriga biriktiramiz. Mehnat shartnomasi va fuqarolik-huquqiy shartnoma bilan ishlayotgan barcha fuqarolar majburiy sug‘urtalanadigan shaxslardir.
Demak, ularga ish beruvchisi yoki ishlayotgan tashkiloti tomonidan ish haqi daromadi hisoblangan kundan boshlab, ular davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan sug‘urtalangan hisoblanadi. Ixtiyoriy sug‘urta qilinuvchilar esa, Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘langan vaqtdan boshlab davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan sug‘urtalangan hisoblanadi.
Yuqoridagi holatlarda, ayniqsa, majburiy sug‘urta qilinadigan holatlarda mas’uliyat to‘liq xodim yoki fuqaro ishlayotgan tashkilotning zimmasida bo‘ladi. Xodim “yaqinda dekretga chiqaman, o‘zimni ijtimoiy sug‘urtalashim kerak, qayerga borsam ekan-a” deb yurmaydi.
Sodda qilib aytganda, “bolnichniy” va “dekret” puli olish huquqini beradigan davlat ijtimoiy sug‘urtasi avtomatik ravishda yuzaga keladi.
Saidali Muxtoraliyev
Amaliyotchi yurist


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter