Ukraina bilan yaqin ittifoqchisi o‘rtasidan qora mushuk o‘tdi
Prezidentlar Navrotskiy va Zelenskiyning Varshavadagi uchrashuvi. 2025-yil 19-dekabr.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ikkinchi jahon urushida partizanlik urushi olib borgan Ukraina isyonchi armiyasiga (UIA) qahramon unvoni berish bilan yaqin ittifoqchisi Polsha rahbariyatini darg‘azab qildi. Bunga javoban Polsha prezidenti Karol Navrotskiy hamkasbi Zelenskiyni uch yil avval taqdim etilgan yuksak mukofotdan mahrum qilmoqchi.
Joriy yil 26-may kuni Vladimir Zelenskiy “milliy armiyaning tarixiy an’analarini tiklash” maqsadida Ukraina isyonchi armiyasiga (UIA) qahramon faxriy unvonini berdi. 1942-yildan boshlab Ukraina millatchilik tashkilotining qurolli qanoti sifatida sovet, polyak va nemis askarlariga qarshi partizanlik urushi olib borgan UIA mustaqil Ukraina davlati tuzishga harakat qilgan.
Dastlab natsistlar Germaniyasi tomonida bo‘lgan UIA Ukrainaga tegishli deb da’vo qilingan hududlardan polyaklarni siqib chiqarishga uringan. Janglar mobaynida mazkur armiya tinch aholi vakili bo‘lgan polyaklarni qatliom qilgani aytiladi.
O‘ng muhofazakor qatlamga mansub Karol Navrotskiy polyaklarni qirishda ayblanadigan UIAga qahramon unvoni berilishini keskin tanqid qildi.
«Afsuski, prezident Zelenskiy Ukraina o‘z mentaliteti va Ukraina isyonchi armiyasiga mansub bosqinchi hamda qotillarni sharaflashi bilan Yevropa oilasining bir qismi bo‘lishga tayyor emasligini isbotladi», — dedi Navrotskiy.
2023-yilning 5-aprel kuni Zelenskiyga Polshaning avvalgi prezidenti Andjey Duda tomonidan mamlakat oliy mukofoti — “Oq burgut” ordeni topshirilgan edi. Mukofot “Polsha va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirishdagi xizmatlari, xavfsizlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari hamda inson huquqlarini himoya qilishdagi qat’iy sodiqligi” uchun taqdim etilgandi. O‘shanda Duda Zelenskiyga qarata «Sizning qat’iy pozitsiyangiz Yevropani Rossiya imperializmi bosqinidan qutqarmoqda», degandi.
Polshaning amaldagi prezidenti Navrotskiy UIA sharaflanishi ortidan Zelenskiyni mazkur yuksak mukofotdan mahrum qilishni taklif etmoqda.
Polsha vakolatli organining ushbu masala muhokama etiladigan navbatdagi majlisi 8-iyun kuni o‘tkaziladi.
Polsha Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan 2022-yil fevral oyidan boshlab Kiyevni harbiy va siyosiy jabhada dastaklab kelgan. Tahlilchilarga ko‘ra, Varshavaning ko‘magi rus agressiyasini ilk oylarda qaytarishda Kiyevga juda asqotgan.
2015–2025-yillarda Polsha prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan Andjey Duda Ukrainani qat’iy ravishda qo‘llab-quvvatlagan. 2025-yil avgust oyidan prezidentlik kursisini egallagan Karol Navrotskiy esa Ukrainaga nisbatan tanqidiy pozitsiyada. Asli kasbi tarixchi bo‘lgan Navrotskiy Polshada ukrain qochqinlariga ijtimoiy nafaqalar berilishini tanqid qilib keladi. U, shuningdek, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga kirish imkoniyatini shubha ostiga olgan.
Ukraina rahbariyati bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan Polsha bosh vaziri Donald Tusk esa taranglikni yumshatishga urinmoqda. U har bir millat tarixni o‘zicha talqin etishga haqli ekani, ammo Zelenskiy va “ukrain do‘stlarimiz” UIAning qorong‘i merosi polyaklar uchun og‘riqli ekanini tushunishi lozimligini aytgan. Tusk Zelenskiyni oliy mukofotdan mahrum qilish tashabbusini ham ma’qullamagan.
Darvoqe, Ukraina tashqi ishlar vazirligi holatga munosabat bildirib, UIAga qahramon unvoni berilishi Polshaga qarshi qaratilmaganini bildirgan.
«Ukraina armiyasi uchun UIAning kurashi faqat Moskvaning imperiyacha siyosatiga qarshi kurashni anglatadi», — deyiladi rasmiy Kiyev bayonotida.
Tarixiy bahslar, hududiy da’volar uzoq yillar mobaynida Polsha va Ukraina munosabatlariga soya solib kelgan. Jumladan, UIA tomonidan Ikkinchi jahon urushida 100 mingdan ziyod polyak qatliom qilingani, polyak partizanlari esa qasos sifatida 20 mingga yaqin ukrainni o‘ldirgani aytiladi. UIA 1945-yildan keyin ham sovet hukumatiga qarshi kurashni davom ettirgan. Shunga ko‘ra Ukrainada mazkur harbiy guruh Rossiyaga qarshi kurash ramzi deb ko‘riladi.
2022-yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, Polsha va Ukraina o‘rtasidagi tarixiy bahslar ikkinchi planga o‘tgandek tuyulgan edi. Biroq Varshava tomonidan bir milliondan ortiq ukrainalik qochqinning qabul qilinishi ortidan Polsha jamoatchiligida qo‘shni davlatga nisbatan munosabat yomonlashdi. Xususan, o‘ng qanotga mansub siyosatdonlar ukrainaliklarga berilayotgan ijtimoiy imtiyozlarni tanqid qilmoqda. Varshava tomonidan Kiyevning harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishi ham savol ostiga olinmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter