Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident Quvasoydagi keramogranit plita ishlab chiqaruvchi korxonada bo‘ldi

Prezident Quvasoydagi keramogranit plita ishlab chiqaruvchi korxonada bo‘ldi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Quvasoy shahridagi «Crown Ceramic» qo‘shma korxonasida keramogranit plitalar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Hozirda respublikada 47 ta keramik plita ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat yuritmoqda. 2025-yilda ular tomonidan 47,2 million kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarilib, ichki talab 128,6 foizga qoplandi.

2025-yilda tashkil etilgan mazkur korxona yiliga 8 million kvadrat metr keramogranit plita ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Loyiha 1 trillion so‘mlik mahsulot tayyorlash, 665 milliard so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratish va 35 million dollarlik eksport imkoniyatini beradi.

Korxonada mahalliy xomashyodan foydalanish darajasi 97 foizni tashkil etmoqda. Xomashyoning asosiy qismi Quvasoy konlari hamda Toshkent viloyatining Angren hududidan keltiriladi.

Ishlab chiqarish jarayonida bir kunda 600 tonna saralangan tosh, 100 tonna qizil kaolin va 100 tonna kulrang kaolin ishlatiladi. Bu yerda Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa bozorlarida kam uchraydigan yirik formatdagi keramogranit plitalar 6 xil o‘lchamda tayyorlanadi.

Jarayonlar to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, energotejamkor texnologiyalar joriy etilgan. Ekologik talablar asosida chang yutish moslamalari o‘rnatilgan, suv resurslaridan qayta foydalanishning yopiq tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Korxona mahsulotlari sifat va texnik ko‘rsatkichlari bo‘yicha Italiya, Ispaniya va Xitoy mahsulotlari bilan raqobatlasha oladi. 2026-yilning birinchi choragida Qirg‘iziston va Tojikistonga 400 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Ayni paytda Qozog‘iston, Rossiya va Yevropa davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, glazur mahsulotlarini mahalliylashtirish bo‘yicha yangi loyiha amalga oshirilmoqda.

Qiymati 20 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha 2026-yil sentyabrda ishga tushirilib, yiliga 50 ming tonna mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlaydi. Bu orqali yana 100 ta ish o‘rni yaratilib, qo‘shimcha 10 million dollarlik eksport imkoniyati shakllanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring