Endi avtobus kutayotganda ham sport bilan shug‘ullanishingiz mumkin
Toshkentda jamoat transporti infratuzilmasini tubdan isloh qilish va uni zamonaviy urbanistika tamoyillariga moslashtirish yo‘lida mutlaqo kutilmagan, ammo ilg‘or qadam tashlandi. Sergeli tumanida poytaxt tarixidagi ilk sport-bekat rasman ishga tushirildi.
Odatda jamoat transportini kutish qimmatli vaqtimizni havoga sovurishdek tuyuladi. Biroq, Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi bu tushunchani butkul o‘zgartirishga qaror qildi. Sergeli tumanidagi eng gavjum nuqtalardan biri — mashina bozori yaqin atrofida joylashgan avtobus bekati negizida poytaxtning ilk sport-bekati barpo etildi.
Uushbu hudud nafaqat mashina bozori sababli yuqori transport oqimiga ega, balki bu yerdan jami 12 ta yo‘nalishdagi avtobuslar o‘tadi. Bu esa har kuni minglab yo‘lovchilar ushbu nuqtada to‘xtashini anglatadi. Endilikda poytaxtliklar va shahar mehmonlari avtobus kelguncha bo‘lgan 10-15 daqiqalik vaqtni shunchaki telefonga tikilib emas, balki turniklarda tortilish va yengil jismoniy mashqlar bajarish orqali o‘tkazishlari mumkin.
Infratuzilmani sog‘lom turmush tarzi bilan integratsiya qilish bugungi kunda dunyoning eng rivojlangan megapolislari qo‘llayotgan zamonaviy usuldir. Toshkent shahri ushbu loyihani joriy etishda xalqaro tajribaga tayandi. Masalan, Janubiy Koreya va Singapur aholi salomatligini kundalik qatnov yo‘nalishlariga singdirish bo‘yicha yetakchilar hisoblanadi. U yerda bekatlar nafaqat sport elementlari, balki salomatlikni monitoring qiluvchi raqamli datchiklar bilan ham jihozlangan. Fransiya va Kolumbiyada esa vorkaut-bekatlar orqali kamharakatlilik muammosiga qarshi kurashishni shahar dizaynining bir qismiga aylantirishgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday yondashuv shahar infratuzilmasi faqatgina bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga harakatlanish vositasi emas, balki aholining qulayligi, salomatligi va kundalik farovonligiga xizmat qiladigan jonli ekotizim bo‘lishi kerakligini isbotlaydi.
Har qanday bekatni ham shunchaki sport maydonchasiga aylantirib bo‘lmaydi. Mutasaddilar vorkaut-bekatlarni joylashtirishda bir nechta qat’iy mezonlarga tayanmoqda.
Birinchidan, bu xavfsizlikdir, ya’ni sport elementlari qatnov qismidan xavfsiz masofada va piyodalar harakatiga xalaqit bermaydigan qilib o‘rnatilishi shart. Ikkinchidan, konstruksiya mustahkamligiga e’tibor beriladi: tashqi muhit noqulayliklariga, ya’ni yomg‘ir va issiqqa chidamli, buzib yuborishga qarshi materiallardan foydalaniladi. Uchinchidan, qurilmalarning xavfsizligi doimiy nazoratda va texnik xizmatda bo‘ladi.
So‘nggi vaqtlarda Toshkentda eski, noqonuniy do‘konli bekatlar buzilib, o‘rniga kutish maydoni keng, perronlari qulay va zamonaviy servislar bilan jihozlangan yangi namunaviy bekatlar qurilayotgani jamoatchilik diqqat markazida turibdi. Sergelidagi sport-bekat ham ushbu keng ko‘lamli modernizatsiyaning o‘ziga xos mantiqiy davomidir.hokimligi va soha mutasaddilari ushbu loyihani muvaffaqiyatli deb topsa, poytaxt bo‘ylab sport-bekatlar sonini keskin ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Eng muhimi keyingi manzil qayerda bo‘lishini aynan shahar aholisining o‘zi belgilaydi.
Agar siz ham uyingiz, o‘qish joyingiz yoki ishxonangiz yaqindagi serqatnov bekatda shunday vorkaut maydonchasi bo‘lishini istasangiz, o‘z takliflaringizni Yo‘l harakatini tashkil etish markazining rasmiy telegram-boti orqali yuborishingiz mumkin. Shahar rivoji uning aholisi faolligidan boshlanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter