Bir marta quvvatlanib 2000 km yo‘l yurish? Yo‘q, bu fantastik kino emas, bu yangi BMW X5
Germaniyaning mashhur BMW kompaniyasi o‘zining eng xaridorgir va sevimli krossoverlaridan biri — BMW X5 modelining yangi avlodini rasman namoyish etdi. Bu shunchaki tashqi ko‘rinishni yangilash emas, balki avtomobillar dunyosida katta burilish yasaydigan butunlay yangi loyihadir.
Endi yangi X5 ni xohishingizga qarab mutlaqo boshqa-boshqa motorlar bilan sotib olishingiz mumkin. U bir vaqtning o‘zida besh xil versiyada chiqariladi:
- Oddiy benzinli;
- Tejamkor dizelli;
- Elektr va benzinda yuradigan ikki xil gibrid versiya;
- Mutlaqo elektrli (iX5) versiya.
Keyinchalik ushbu qatorga vodorod yoqilg‘isida (eng ekologik toza tizimda) harakatlanuvchi turi ham qo‘shiladi.
To‘liq elektrli versiya bir marta quvvatlanish bilan 845 kilometrgacha yo‘l yura oladi. Ilg‘or gibrid versiyasi esa benzin baki to‘ldirilsa va batareyasi zarid qilinsa, jami 2000 kilometrgacha masofani bosib o‘tadi. Tasavvur qilishingiz uchun, bu deyarli Toshkentdan Olmaotaga borib, qaytib kelishga ham yetadi.
Mashinaning tashqi ko‘rinishi butunlay o‘zgardi va ancha zamonaviy (futuristik) tus oldi:
- Faralari ichida «X» shaklidagi chiroqlar paydo bo‘ldi;
- Eshik tutqichlari kuzov ichiga yashiringan va sensorli;
- Mashinaning shakli havo qarshiligini minimal darajaga tushiradigan qilib silliqlangan. Bu esa yoqilg‘i va tokni tejashga yordam beradi.
Endi rul ortidagi oddiy spidometrlar yo‘q. Eng muhim ma’lumotlar (tezlik, xarita) to‘g‘ridan-to‘g‘ri old oynaning pastki qismiga proyeksiya qilib chiqariladi. Bu haydovchi yo‘ldan ko‘zini uzmay mashinani boshqarishiga yordam beradi.
Salon o‘rtasida 17,9 dyuymli ulkan planshet joylashtirilgan. Salonda oddiy plastik o‘rniga ilk bor tabiiy slanets (chiroyli tosh qatlami) va yuqori sifatli ekologik matolardan foydalanilgan.
Yangi BMW X5 modellari jahon bozorida rasman 2026-yilning oxirida sotuvga chiqadi. Ungacha esa avtomobil haqidagi qo‘shimcha detallar va narxlar aniq bo‘ladi. Ekspertlarning fikricha, ushbu model o‘z raqobatchilari bo‘lgan Mercedes-Benz GLE va Porsche Cayenneni ancha ortda qoldirishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter