Toshkent yer usti metrosi ostida 400 ta yangi biznes loyihasi amalga oshiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Sergelidagi yer usti metrosi yo‘nalishlari ostida savdo va servis obyektlarini tashkil etish tajribasi muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, Sergeli tumanida metro liniyasi bo‘ylab yana 8,5 kilometr hudud o‘zlashtirilsa, 137 ta savdo va xizmat ko‘rsatish obyekti hamda 1–1,5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu tuman budjetiga yiliga qo‘shimcha 20–25 milliard so‘m tushum keltirishi kutilmoqda.
Shuningdek, yer usti metrosining Yashnobod, Sergeli va Yangihayot tumanlaridan o‘tuvchi 23 kilometr qismida ham shunday loyihalar amalga oshirilsa, 400 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 3 mingga yaqin ish o‘rni yaratilishi mumkinligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda yer uchastkalarini qurilishga ruxsatnomasi, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va tayyor loyihasi bilan birga auksionga chiqarish bo‘yicha Sergelida joriy etilgan yangi tajriba ham ko‘rib chiqildi.
Xususan, Yangi Bunyodobod mahallasida 70 sotix yer uchastkasining boshlang‘ich narxi 14 milliard so‘m etib belgilangan bo‘lsa, auksion yakunida u 40 milliard so‘mga sotildi. Prezident bu kabi tayyor loyiha asosidagi auksion tizimini davlat obyektlari va sanoat zonalariga ham tatbiq etish zarurligini ta’kidladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter