Kannavaro: «Futbolchilarga ortiqcha bosim emas, o‘yindan zavq olish ruhini berishimiz kerak»
Milliy futbol markazida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov hamda terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro ishtirokida jahon chempionati oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda italiyalik mutaxassis mundialga tayyorlanish jarayoni haqida ma’lumot berdi.
«Jahon chempionatiga jiddiy tarzda tayyorgarlik ko‘ryapmiz va juda qattiq ishlayapmiz. Barchamiz mundialga uchib ketishni intiqlik bilan kutyapmiz.
Murabbiy etib tayinlanganimdan keyin murabbiylar shtabi bilan birgalikda barcha futbolchilarni kuzatib bordik. Kimdir terma jamoaga chaqirilmagan bo‘lsa, demak u o‘z o‘yini bilan hali meni yetarlicha ishontira olmagan. Hozir jamoaning jismoniy holatini yaxshilash ustida ishlayapmiz», – dedi murabbiy.
Kannavaroning aytishicha, o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun imkoni qadar kuchli va raqobatbardosh raqiblar tanlangan. Avvalroq, O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida Niderlandiya bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi ma’lum qilingan edi.
«Kanada – musobaqa mezboni sifatida yuqori darajadagi futbol muhiti va ajoyib atmosfera yaratishi shubhasiz. Niderlandiya esa Yevropaning eng kuchli terma jamoalaridan biri hisoblanadi. Ularning o‘yin uslubi va taktik yondashuvi ma’lum jihatlari bilan Portugaliya terma jamoasiga o‘xshash», – dedi murabbiy.
Shuningdek, u futbolchilarning jismoniy holatiga ham to‘xtalib o‘tdi.
«Masalan, Jaloliddin Masharipov katta tajribaga ega. Agar u optimal sport formasiga chiqsa, jahon chempionatida jamoaga katta foyda keltirishi mumkin. Abbos Fayzullayev kuni kecha gol urdi. Shuningdek, u mehnatkashligi va jangovar xarakteri bilan ham ajralib turadi. Shuningdek, Abduqodir Husanov va Eldor Shomurodov hozir yaxshi holatda.
Eng muhimi – bu biz uchun ilk jahon chempionati. Shuning uchun futbolchilarga ortiqcha bosim emas, aksincha, o‘yindan zavq olish ruhini berishimiz kerak. Men jamoamizning bor kuchi bilan xalqimiz uchun munosib ishtirok etishiga ishonaman.
Yanvar oyida bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogidagi guruhimiz juda qiziqarli va kuchli raqiblardan iborat. Har bir o‘yin biz uchun jiddiy sinov bo‘lib, maksimal e’tibor va tayyorgarlikni talab qiladi.
Mening asosiy ambitsiyalarimdan biri – Osiyo kubogini yutish. Biz bu maqsad yo‘lida bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Jahon chempionati esa biz uchun tajriba maydoni bo‘lsa, Osiyo kubogida esa natija uchun kurashamiz», – ta’kidladi Kannavaro.
Shuningdek, anjuman davomida Ravshan Irmatov terma jamoaning mundialgacha bo‘lgan davrdagi tayyorgarlik rejasi bilan tanishtirdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter