Endi kuniga 15 daqiqa kitob o‘qish evaziga pul beriladi
Bugungi kunda yoshu qarini birdek o‘ziga mahliyo qilgan telefonni titish o‘rniga kitob o‘qishga undash uchun Singapurda g‘ayrioddiy tashabbus yo‘lga qo‘yildi. Mamlakatda aholi har kuni kamida 15 daqiqa mutolaa qilib, buni maxsus raqamli platformada qayd etsa, virtual tangalar bilan rag‘batlantiriladi.
Tashabbus Singapur Milliy kutubxona kengashi tomonidan ReadSG harakati doirasida amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi kitob o‘qishni kundalik odatga aylantirish, odamlarni raqamli chalg‘itishlardan biroz uzoqlashtirish va mutolaaga qiziqishni oshirish.
Qoida oddiy, ishtirokchi har kuni kamida 15 daqiqa kitob o‘qiydi va o‘qigan vaqtini maxsus tizimda qayd etadi. Buning uchun unga virtual tangalar beriladi. 1000 virtual tanga 1 Singapur dollariga teng.
Bir qarashda mukofot miqdori katta emasdek tuyuladi. Biroq tashabbusning maqsadi katta daromad berish emas, balki insonni har kuni kitob o‘qishga odatlantirishdan iborat. Masalan, har kuni 15 daqiqadan mutolaa qilgan ishtirokchi bir yilda 7300 ta virtual tanga to‘plashi mumkin.
Singapur rasmiylari bu tashabbus orqali so‘nggi yillarda keng tarqalayotgan «dumskrolling» — ijtimoiy tarmoqlarda kontentni maqsadsiz va uzluksiz aylantirib ko‘rish odatiga muqobil faoliyatni rag‘batlantirishga urinmoqda.
Masala faqat telefondan uzoqlashishda emas. Mutaxassislar uzun matn o‘qish diqqatni jamlash, axborotni chuqurroq anglash va tanqidiy fikrlash bilan bog‘liq ekanini ta’kidlaydi. Shu sababli Singapurda mutolaani oddiy kundalik odatga aylantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qizig‘i shundaki, Singapurning 15 yoshli o‘quvchilari kitob o‘qish va matnni tushunish bo‘yicha dunyodagi eng yuqori natijalarni qayd etayotgan mamlakatlardan biri hisoblanadi. OECDning PISA-2022 tadqiqotiga ko‘ra, Singapurdagi 15 yoshli o‘quvchilarning 89 foizi o‘qish savodxonligi bo‘yicha kamida ikkinchi darajaga erishgan. Bu ko‘rsatkich OECD mamlakatlari o‘rtacha natijasidan ancha yuqori.
Shu bilan birga, PISA natijalari Singapurda o‘qish ko‘rsatkichlari 2018-yilga nisbatan 2022-yilda pasayganini ham ko‘rsatgan. Demak, mamlakatda o‘qish savodxonligi yuqori bo‘lishiga qaramay, mutolaa madaniyatini yanada mustahkamlash zarurati dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Singapurning yangi tashabbusi esa bu muammoga raqamli davrga mos usul bilan yondashmoqda. Insonga «telefonni qo‘y va kitob o‘qi» deyish o‘rniga, mutolaa jarayonining o‘zi raqamli tizim orqali kuzatiladi va kichik bo‘lsa-da, moliyaviy rag‘bat beriladi.
Eng muhimi, bu tashabbus kitob o‘qishni majburiyat emas, kundalik odatga aylantirishni ko‘zlamoqda. Zero, har kuni 15 daqiqadan boshlangan mutolaa bir yil oxiriga kelib o‘nlab soatlik o‘qishga aylanishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter