Buxoroda talaba qizga «ishqnoma» yozgan tyutor qamaldi va ishdan bo‘shatildi
Ijtimoiy tarmoqlarda «Buxoroda talaba qizga shilqimlik qilgan tyutor qamaldi» sarlavhasi ostida tarqalgan xabar azaldan ilmu ma’rifatga beshik bo‘lgan sharif shahar uchun yoqimsiz chizgiga aylandi. Negadir, shu holatni yoritishni oddiy xabar orqali emas, mulohazali yondoshishni istadik. Zudlik bilan Buxoro viloyat Sudi axborot xizmati rahbari Feruz Sharopov bilan bog‘landik.
Holat yuzasidan bizga taqdim etilgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi qarori bilan tanishar ekanmiz, mazkur hujjatda salohiyatli ilm qo‘rg‘onida o‘qituvchining o‘z lavozimi, mavqei va o‘ziga bildirilgan ishonchning qadrini yo‘qotganini ko‘ramiz.
Aytish joizki, hech qanday lavozim, tanish-bilish yoki mavqe insonga boshqa bir shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish huquqini bermaydi. Ayniqsa, ta’lim sohasidan ishlaydigan har bir xodimning mas’uliyati juda katta. Talaba o‘qituvchidan faqatgina fan bo‘yicha bilim olmaydi, uning muomalasi, madaniyati, odobi va atrofdagilarga munosabatidan ham o‘rnak oladi. Vaholanki, o‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi ishonch esa juda nozik tushuncha. U buzilsa, tiklash oson emas.
Sudya Farrux Qahorov raisligida Buxoro shahar sudida ko‘rib chiqilgan ma’muriy ish ham bunga yaqqol misol.
Sud qarorida ma’lum bo‘lishicha, asli Jondor tumanidan bo‘lgan, Osiyo Xalqaro universitetida tyutor vazifasida ishlab kelayotgan A.A. kechki paytda universitet talabasi G.Sh.ga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilgan. Suhbat davomida unga ishqiy munosabat va jinsiy yaqinlikni taklif qilgan.
Shuningdek, o‘z talabasiga nomaqbul bo‘lgan, uning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan so‘zlarni aytgan. Eng og‘riqli jihati, bu oddiy ikki inson o‘rtasidagi suhbat emas, ular o‘rtasida o‘qituvchi va talaba munosabati mavjud bo‘lgan.
O‘qituvchisi tomonidan kelayotgan sms va ovozli xabarlardan qo‘rqib ketgan talaba qiz uning harakatlaridan norozi bo‘lib, bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishini qayta-qayta bildirgan. Shunga qaramasdan, A.A. talaba qizga «ishqnoma»lar yozib, uzluksiz qo‘ng‘iroqlar qilishdan to‘xtamagan.
A.A. sudda o‘z qilmishini tan olgan. U o‘sha kuni spirtli ichimlik iste’mol qilgani sababli mast holatda bo‘lganini, aytgan gaplaridan pushaymonligini, jabrlanuvchilar kechirim so‘raganini va bundan holat boshqa takrorlanmasligini bildirgan. Bu, albatta, aybdor o‘z xatosini anglaganini ko‘rsatadi. Ammo, haqiqiy xulosa faqat «boshqa takrorlanmaydi» degan iddao bilan emas, bunday xatoning ildizini anglashdan boshlanadi. Sud hujjatlarida ko‘rsatilgan «shunchaki qo‘ng‘iroq qildim», «shunchaki gaplashdim», «mast edim» degan bahonalar o‘z talabasi qalbiga yetkazilgan noqulaylikni bekor qila olmaydi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: inson o‘z xatosini mastlik bilan izohlasa, uning oqibati yo‘qolib qoladimi? Yo‘q, albatta!
— Mast holat aybdorni o‘z harakatlari uchun javobgarlikdan ozod qilmaydi, aksincha, sud mazkur holatni huquqbuzarlikni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholaydi,—deydi sudya.
Sudya Farrux Qahhorov qaror qabul qilishda faqatgina huquqbuzarlikning sodir etilganini emas, uning oldini olish zaruratini ham inobatga olgan. A.A.ning aybiga iqrorligini yengillashtiruvchi holat sifatida, mast holda huquqbuzarlik sodir etganini esa og‘irlashtiruvchi holat, deb baholagan.
Natijada aybdor O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 411-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan, deb topilgan va unga nisbatan uch sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
«Uch sutka o‘tar-ketar» qabilidagi qarash huquqiy javobgarlikning mohiyatini to‘g‘ri anglamaslikka olib keladi. Unutmaslik kerakki, shu uch sutka shaxsni o‘z harkatlarining oqibatlari haqida jiddiy o‘ylashga undaydigan huquqiy choradir.
Bu voqea yana bir haqiqatni eslatadi: insonning obro‘si yillar davomida shakllanadi, uni yo‘qotish uchun esa birgina noto‘g‘ri qaror kifoya. Shu sababli har qanday lavozim egasi, ayniqsa, yoshlar bilan ishlaydigan mutaxassis o‘z harakatlariga ikki karra mas’uliyat bilan yondashishi kerak.
Ma’lumot o‘rnida: Osiyo Xalqaro universiteti rektorining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, o‘z xatti-harakatini boshqara olmagan A.A. zudlik bilan ishdan bo‘shatilgan. «Hech qachon bunday shaxslar ishda qololmaydi»,—dedi rektor.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter