Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maktablarda dars soatlarini taqsimlash tartibi o‘zgardi — vazirlik izoh berdi

Maktablarda dars soatlarini taqsimlash tartibi o‘zgardi — vazirlik izoh berdi

Foto: Xabar.uz

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilar o‘rtasida dars soatlarini taqsimlash tartibi o‘zgargani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yil 28 oktyabrda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shma qarori bilan «Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Qayd etilishicha, o‘zgarishlardan asosiy maqsad o‘qituvchilarning ish yuklamasini kamaytirish, dars soatlarini taqsimlash mezonlarini soddalashtirish hamda jarayonni yanada shaffof va adolatli tashkil etishdan iborat.

Yangi tartibga ko‘ra, dars soatlarini taqsimlashdagi ustuvorlik mezonlari 19 tadan 10 taga qisqartirilgan. Mazkur o‘zgarishlar ko‘p sonli o‘qituvchilarning takliflari asosida ishlab chiqilgan.

Shuningdek, barcha o‘qituvchilar uchun teng imkoniyat yaratish maqsadida dunyoning TOP-1000 universitetlarini tamomlagan pedagoglar yoki xalqaro va asosiy fan olimpiadalarida g‘olib o‘quvchilarni tayyorlagan o‘qituvchilarga ustuvorlik beruvchi mezonlar bekor qilingan.

Endi dars soatlarini taqsimlashda asosiy e’tibor milliy va xalqaro sertifikatlarga ega, zamonaviy kompetensiyalarni egallagan hamda yuqori natija ko‘rsatgan o‘qituvchilarning kasbiy salohiyati va faoliyat natijalariga qaratiladi.

Vazirlikning ta’kidlashicha, yangi tartib tajribali va malakali pedagoglarga birinchi navbatda dars soatlarini berish, ta’lim sifatini oshirish hamda o‘quvchilarning bilim natijalarini yaxshilashga xizmat qiladi.

Mazkur tartib yangi o‘quv yilidan boshlab amaliyotga joriy etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring