Uyingiz qancha turadi? Javobni my.gov.uz dan toping
Toshkent shahrida uy-joylarni bozor narxiga yaqinlashtirib baholash bo‘yicha tajriba loyihasi amalga oshirildi. Endi poytaxt aholisi o‘z uyi qanday qiymatda baholanganini my.gov.uz orqali onlayn tekshirishi mumkin.
Buning uchun fuqarolar my.gov.uz portali yoki MyGov mobil ilovasiga kirib, «Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash natijalarini ko‘rish va qayta ko‘rib chiqishga ariza berish» xizmatini tanlashi lozim. Shundan so‘ng o‘z mulki bo‘yicha belgilangan baholash natijasi bilan tanishish mumkin. Agar fuqaro uy-joyining baholangan qiymati noto‘g‘ri belgilangan, oshirib yoki kamaytirib hisoblangan deb hisoblasa, my.gov.uz orqali baholash natijasini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha onlayn ariza ham yuborishi mumkin.
Ayni paytda ommaviy baholash natijasida ayrim ko‘chmas mulk obyektlarining qiymati 7–15 baravarga oshgani haqida savollar paydo bo‘lmoqda. Xo‘sh, bu soliqlar ham shunchaga oshadi deganimi?
Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi direktor o‘rinbosari Feruz Sultonovning ta’kidlashicha, ommaviy baholash natijasida aniqlangan qiymatni soliq stavkasi yoki soliq summasi bilan tenglashtirish to‘g‘ri emas. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, turar joylar uchun mol-mulk solig‘i bazasi kadastr qiymati hisoblanadi. Shu sababli ommaviy baholash natijasida aniqlangan yangi qiymatning o‘zi bugungi kunda soliq summasiga avtomatik ravishda ta’sir qilmaydi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter