Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bepul Wi-Fi ham, keshbek ham eskirdi: Endi AI tokenlari tarqatilyapti

Bepul Wi-Fi ham, keshbek ham eskirdi: Endi AI tokenlari tarqatilyapti

Xitoyda sun’iy intellektdan foydalanish kundalik hayotning oddiy qismiga aylanib bormoqda. Endi banklar, mobil operatorlar, kafe va boshqa kompaniyalar mijozlarni jalb qilish uchun pulli bonus yoki bepul Wi-Fi o‘rniga sun’iy intellekt tokenlarini taklif qilmoqda.

AI token — sun’iy intellekt modeli matn, kod yoki boshqa ma’lumotlarni qayta ishlashda foydalanadigan hisob birligi.

Xitoyda bu tushuncha endi faqat dasturchilarga xos texnologiyaviy atama bo‘lib qolmayapti, balki iste’molchilar uchun ham alohida xizmat va bonusga aylanmoqda. Mobil operatorlar AI tokenlarni oddiy internet trafigi kabi paketlarga ajratib, sotishni boshladi. Masalan, China Telecom oyiga 9,9 yuandan 10 million tokenlik tarifni taklif qilmoqda. Kompaniyaning yuqori tariflarida esa 80 million tokengacha ajratiladi. China Mobile va China Unicom ham token asosidagi xizmatlarni yo‘lga qo‘ygan. Ayrim tariflarda foydalanuvchilar bir nechta sun’iy intellekt modellaridan yagona hisob orqali foydalanishi mumkin.

Eng qiziq tendensiya esa oddiy savdo nuqtalarida kuzatilmoqda. Rest of World ma’lumotlariga ko‘ra, Pekindagi ayrim kafe va restoranlar mijozlarga ichimlik yoki taom bilan birga AI tokenlarini taqdim etmoqda. Masalan, Jingu Yuan restorani ovqatdan so‘ng mijozlarga sun’iy intellekt hisoblash quvvatidan foydalanish uchun vaucher bermoqda. Banklar ham bu tendensiyadan chetda qolmayapti. Ayrim kredit kartalarida xaridlar uchun an’anaviy bonuslar o‘rniga sun’iy intellekt xizmatlaridan foydalanish imkonini beruvchi tokenlar taklif qilinmoqda.

Shunaqa gaplar, Xitoyda sun’iy intellekt asta-sekin alohida raqamli xizmatdan iste’mol birligiga aylanmoqda. Agar bu tendensiya kengaysa, kelajakda mobil internet uchun megabayt qanday odatiy tushunchaga aylangan bo‘lsa, AI tokenlar ham raqamli xizmatlar bozorida shunday kundalik valyutaga aylanishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring