Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonning inklyuziv loyihasi Yevropa mukofoti finaliga chiqdi

O‘zbekistonning inklyuziv loyihasi Yevropa mukofoti finaliga chiqdi

O‘zbekistonning inklyuziv loyihasi Yevropa ijtimoiy xizmatlar sohasidagi nufuzli mukofot finalistlari qatorida

«Zamin» fondi ko‘magida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan Xalqaro inklyuziv xab loyihasi Yevropa ijtimoiy xizmatlar sohasidagi eng nufuzli platformalardan biri — European Social Services Awards 2026 mukofotining short-listiga kirdi.

Joriy yilda mukofotning 10 ta nominatsiyasi bo‘yicha qariyb 200 ta loyiha taqdim etilgan. Xalqaro inklyuziv xab «Nogironligi bo‘lgan insonlar uchun ijtimoiy xizmatlarning inklyuzivligi va qulayligi» nominatsiyasida finalchilar qatoridan joy oldi.

Ekspertlar loyihaning nogironligi bo‘lgan insonlar uchun kasbiy ta’lim olishdan tortib, mehnat bozoriga kirish va mustaqil hayot kechirishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi yaxlit modelini alohida e’tirof etgan.

Xalqaro inklyuziv xab modeli insonning faqat muayyan ijtimoiy xizmatdan foydalanishini emas, balki uning ta’lim olishi, kasb egallashi, ishga joylashishi va jamiyatda mustaqil hayot kechirishi uchun zarur sharoitlarni yagona tizimga birlashtirishga qaratilgan.

Endi loyihani mukofotning keyingi bosqichi — oktyabr oyida o‘tkaziladigan ochiq ovoz berish jarayoni kutmoqda.

European Social Services Awards 2026 g‘oliblari 19–20-noyabr kunlari Italiyaning Rim shahrida bo‘lib o‘tadigan tadbirda e’lon qilinadi.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan inklyuziv loyihaning Yevropa miqyosidagi nufuzli mukofot finalchilari qatoriga kirishi mamlakatda nogironligi bo‘lgan insonlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning jamiyatda to‘laqonli ishtirokini ta’minlash borasidagi yondashuvlar xalqaro maydonda ham e’tirof etilayotganini ko‘rsatadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring