Taniqli olim yaqin yillardagi jiddiy xatardan ogohlantirdi
G‘azo sektorida ovqat uchun navbat.
O‘zbekistonlik taniqli biolog olim va yozuvchi Baxtiyor Abdug‘afur dunyoda yaqin yillarda jiddiy ocharchilik ro‘y berishidan ogohlantirdi.
«Jahon oziq-ovqat xavfsizligiga oid so‘nggi tahlillar ortida o‘ta jiddiy iqtisodiy, geosiyosiy va biologik omillar turibdi. Hozir dunyoda davom etayotgan ikki yirik urush — Rossiya–Ukraina urushi va Yaqin Sharqdagi harbiy mojaro global qishloq xo‘jaligining eng nozik nuqtasiga zarba bermoqda. Bu — mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish va ularni yetkazib berish tizimi. Gap shundaki, zamonaviy dehqonchilikni azotli, fosforli va kaliyli o‘g‘itlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu moddalarning yetishmasligi hosil shakllanishi va mahsuldorligiga bevosita ta’sir qiladi», — deb yozdi biologiya fanlari doktori Baxtiyor Abdug‘afur ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Unga ko‘ra, 2026-yil 28-fevralda boshlangan Eron urushi oqibatida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xalqaro yuk tashish keskin cheklandi. Bu hudud orqali jahon karbamid savdosining qariyb 30 foizi amalga oshirilar edi.
Joriy yil aprelda Ho‘rmuzga bog‘liq mamlakatlardan karbamid eksporti o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 83 foizga qisqargan va karbamid narxi ko‘tarilgan.
«Ikkinchi tomondan, Rossiya va Belarus jahon kaliyli o‘g‘itlar savdosida muhim o‘rin tutadi. Urush, sanksiyalar va transport-logistika cheklovlari bu bozorda ham jiddiy beqarorlik keltirib chiqardi. Bu nimani anglatadi? O‘g‘it qimmatlashsa, fermer uni kamroq ishlatadi. O‘g‘it yetishmasa, hosildorlik pasayishi mumkin. Hosil kamaysa, don, oziq-ovqat va chorvachilik mahsulotlari qimmatlashadi. Eng xavflisi, bu jarayon zanjir reaksiyasiga aylanishi mumkin. Ayrim mamlakatlarda ocharchilik, ommaviy qashshoqlashuv, ijtimoiy beqarorlik va migratsiya kuchayishi ehtimoli bor», — deydi olim.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ham o‘g‘it ta’minotidagi uzilishlar 2026-yilning ikkinchi yarmi va 2027-yil hosiliga salbiy ta’sir qilishi mumkin deb hisoblaydi.
«Eng og‘ir zarba oziq-ovqat importiga qaram, iqtisodiyoti zaif mamlakatlarga tegishi mumkin. Avvalgi urushlarda yer va neft uchun kurashilgan bo‘lsa, kelgusida don, suv va oziq-ovqat resurslari uchun kurash yanada keskinlashishi mumkin. Insoniyat oldida endi faqat harbiy yoki energetik inqiroz emas, balki oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq ulkan sinov ham turibdi. 2027–2028-yillar bu jihatdan, ayniqsa, og‘ir kechishi mumkin», — deb xulosa qiladi Baxtiyor Abdug‘afur.
Avval xabar berganimizdek, urushlar, iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy inqiroz va gumanitar yordamlar qisqarishi tufayli dunyoning 300 millionga yaqin aholisi ochlik xavfiga uchrashi aytilgan edi.
Global iqlim muammolari va ayrim mamlakatlar hukumatlarining moliyaviy inqirozga yetaklovchi xatti-harakatlari oqibatida 2030-yilga borib ocharchilik 600 million kishini o‘z domiga olishi mumkin.
Tahlillarga qaraganda, hozirda G‘azo sektori va Sudanda ocharchilik ko‘lami katta.
G‘azo sektori 2023-yil oktyabr oyidan buyon to‘liq qamal ostida. Hududga suv, oziq-ovqat, yonilg‘i kirishi cheklangan. 2,3 million aholi hayotiga Isroil bombalaridan tashqari ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar xavf solib turibdi.
Bir necha yildan buyon fuqarolar urushi davom etayotgan Sudanda ham ko‘p millionlik aholi oziq-ovqat taqchilligidan aziyat chekmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter