Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Vengriya parlamenti Viktor Orban “merosi”dan voz kechdi

Vengriya parlamenti Viktor Orban “merosi”dan voz kechdi

Foto: AP

Vengriya parlamenti mamlakatning Xalqaro jinoiy suddan (XJS) chiqishi tashabbusini bekor qilishga doir qonunni ma’qulladi. Bu 2010-2026-yillarda bosh vazir vazifasida ishlagan Viktor Orban siyosiy merosidan voz kechish yo‘lidagi yana bir qadam hisoblanadi.

Qonun loyihasini yaqinda hokimiyatga kelgan «Tisa» partiyasining 133 deputati qo‘llab-quvvatlagan. FIDES-KDNP koalitsiyasining 37 nafar deputati qarshi ovoz bergan. «Bizning Vatan» partiyasi vakillari betaraf qolgan.

Qonun tashabbuskorlari insoniyatga qarshi jinoyatlar, genotsid va urush huquqbuzarliklari nomaqbul ekani, Yevropa Ittifoqining barcha a’zolari XJS a’zolari ekanini dalil keltirgan holda, mamlakatning ushbu xalqaro tuzilmaga qaytishi lozimligini ta’kidlagan.

Xalqaro jinoiy sud — doimiy asosda faoliyat yurituvchi yuridik organ bo‘lib, 1998-yil 17-iyulda imzolangan Rim statutiga asosan ta’sis etilgan. Mahkama xalqaro miqyosdagi og‘ir qilmishlar — genotsid, insoniyatga qarshi va harbiy jinoyatlarni ko‘rib chiqadi. Rim statutini imzolagan 123 davlat mahkama hujjatlarini bajarishga majbur.

Avval xabar berganimizdek, 2024-yil 21-noyabr kuni XJS G‘azo sektorida insoniyatga qarshi va urush jinoyatlari sodir etgani uchun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order bergan.

Ushbu ikki shaxsga G‘azo sektoridagi tinch aholini yashash uchun zarur bo‘lgan suv, dori-darmon, oziq-ovqat, tibbiy jihozlar, yoqilg‘i va elektr energiyasidan qasddan mahrum qilish aybi ham ilgari surilgan.

Netanyahuga qarshi order berilishi ortidan AQSh, Vengriya kabi Isroilning yaqin ittifoqchilari XJSga nisbatan qarshi pozitsiyani kuchaytirdi.

Vengriya 1999-yilda XJSning ta’sis hujjatini imzolagan va uni 2001-yilda ratifikatsiya qilgan edi.

Netanyahu hibs orderiga qaramay, 2025-yil 3-aprel kuni YI a’zosi bo‘lgan Vengriyaga tashrif buyurgan edi. Vengriya rahbariyati XJS talabiga qarshi borgani xalqaro huquqning poymol etilishi deb baholagan.

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban ma’muriyati XJS qarorini namoyishkorona buzish bilan cheklanmay, mamlakat mazkur tuzilmadan chiqishini ham e’lon qildi. Bu qaror Netanyahuning Vengriyaga tashrifi fonida qabul qilingandi.

Orban ma’muriyati XJS faoliyati jiddiy bahslar uyg‘otishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, Vengriyada 2026-yil 12-aprel kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovida nafaqat mamlakat, balki butun Yevropa Ittifoqi taqdiriga ta’sir etadigan natija qayd etildi. 45 yoshli Peter Madyar bosh vazir 62 yoshli Viktor Orbanning 16 yillik boshqaruviga chek qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.

Saylovda g‘alaba qozongan va mamlakatning yangi bosh vaziri lavozimini egallagan Peter Madyar, shuningdek, YI tomonidan Ukrainaga kredit ajratilishiga to‘sqinlik qilmasligini bildirdi. Orban bunga qadar YI tomonidan Ukrainaga 90 milliard yevro miqdorida qarz ajratish haqidagi qarorni ham bloklab kelgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring