Xususiy maktab va bog‘chalar uchun litsenziya talabini bekor qilish taklif etildi
Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov Samarqand viloyatida ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuvda xususiy maktab va bog‘chalarni litsenziyalash tartibini qayta ko‘rib chiqish masalasini ko‘tardi.
Vazirning fikricha, xususiy ta’lim muassasasini ochish uchun sanitariya-epidemiologiya, qurilish, yong‘in xavfsizligi va boshqa tegishli tashkilotlar ruxsat bergan bo‘lsa, vazirlik tomonidan qo‘shimcha litsenziya berilishi qanchalik zarurligi savol tug‘diradi.
«SES, qurilish, “pojarniy” va boshqa tegishli tashkilotlar ko‘rib, ruxsat bergan bo‘lsa, vazirlik nimaning evaziga litsenziya beradi? Ular nimani ko‘rib beradi? Umuman, xususiy bog‘cha va maktab ochishda vazirlikning litsenziya berish talabini yo‘qotish kerak», – dedi Turdimov.
Uchrashuvda tadbirkorlar davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar tashkil etish, xususiy maktablar uchun bo‘sh binolardan foydalanish, soliq imtiyozlari va sport zallari qurilishiga imtiyozli kreditlar ajratish masalalarini ham ko‘tardi.
Shuningdek, pedagoglarning xorijda tajriba almashishi, viza olishi va oilaviy bog‘chalarda qo‘shimcha shtatlar ajratish bilan bog‘liq murojaatlar bildirildi.
Masalalarni tegishli idoralar bilan birgalikda o‘rganish va yechim ishlab chiqish uchun mas’ullar belgilandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter