Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eng batafsil virtual miya yaratildi

Eng batafsil virtual miya yaratildi

Foto: Allen instituti

AQShning Allen instituti va Yaponiyaning Elektraloqa universiteti olimlari sichqonning bosh miya po‘stlog‘ini to‘liq modellashtirib, 9 million neyron va 26 milliard sinapsni yaxlit ishlovchi tizimga birlashtirishdi. Tadqiqot natijalari SC25 supercomputing conference anjumanida ma’lum qilindi.

«Bu chinakam texnik sakrash. Agar yetarlicha imkoniyat yaratilsa, bunday simulyasiyalarni samarali ishga tushirish mumkinligiga birinchi marta guvoh bo‘lyapmiz» dedi Allen instituti hisoblash guruhi rahbari Anton Arxipov.

Uning aytishicha, bu yaqin kelajakda yanada murakkab miya modellari, jumladan, inson miyasi ustidagi tadqiqotlarni yanada kengaytirish mumkinligidan dalolat beradi.

Sichqon miyasi modeli 86 ta o‘zaro bog‘liq sohani qamrab olgan. U dunyodagi eng kuchli Fugaku superkompyuterida ishlaydi. Uning resurslari soniyasiga kvadrillionlab hisoblashlarni amalga oshirib, neyronlar o‘rtasidagi milliardlab virtual aloqalar ishini sinxronlashtiradi.

Sichqon miyasi interaktiv bazasi.
Foto: C
onnectivity.brain-map.org

Olimlarning ta’kidlashicha, sichqonning haqiqiy miyasi taxminan 70 million neyronni o‘z ichiga oladi bu modellashtirilgan miyadagidan taxminan sakkiz baravar ko‘p. Ammo yaratilgan shu ma’lumotlar hajmi ham tadqiqotchilarga alohida neyronlar qanday «yonishini», qo‘zg‘alish to‘lqinlari miya bo‘ylab qanday tarqalishini va bir sohadagi buzilishlar boshqa sohaga qanday o‘tishini real vaqt rejimida ko‘rish imkonini beradi.

Tadqiqotchilar miya to‘lqinlarining sinxronizatsiyasi va ikki yarim shar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni o‘rganish uchun simulyasiyani ishlatib ko‘rishdi. Masalan, u diqqat va kognitiv jarayonlar bilan bog‘liq faollik qanday shakllanishini kuzatishda yordam berdi bu hodisani invaziv jarayonlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri tirik miyada kuzatish imkonsiz edi.

Ushbu virtual xarita miyadagi buzilishlar va boshqa nevrologik holatlarning rivojlanish mexanizmlarini hayvonlarda takroriy tajribalarga murojaat qilmasdan sinab ko‘rish imkonini beradi, deyilmoqda.

Keyingi qadam yanada kattaroq modellarni qurish. Yakunda sichqon miyasining bir qismini simulyasiyalashdan uning to‘liq virtual shaklini yaratish, so‘ngra inson miyasining xuddi shunday to‘liq virtual xaritasini shakllantirish maqsad qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring