Inson haqida internetda 10 daqiqada nimalarni bilib olish mumkin?
Raqamli olamda har bir qadamimiz o‘zidan iz qoldiradi. Ko‘pchilik foydalanuvchilar shaxsiy hayotini maxfiylik sozlamalari yoki taxalluslar (nikneym) orqali ishonchli himoya qildim, deb o‘ylab xato qiladilar. Aslida esa, tajribali mutaxassisga internetdagi istalgan inson haqida batafsil ma’lumot to‘plash uchun atigi 10 daqiqa yetarli bo‘ladi.
IBS kiberxavfsizlik bo‘yicha kompleks loyihalar bo‘limi tahlilchisi Irina Ulyankina bular haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ma’lumot to‘plash jarayoni odatda eng ommalashgan ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalardan boshlanadi. Profilni to‘ldirish chog‘ida biz ixtiyoriy ravishda tug‘ilgan sana va yil, yashash manzili, oilaviy holat, qiziqishlar, elektron pochta va telefon raqami kabi muhim ma’lumotlarni taqdim etamiz.
Agar profil yopiq yoki to‘ldirilmagan bo‘lsa ham, tug‘ilgan sanani do‘stlarning tabriklari orqali, tug‘ilgan yilni esa bitiruv kechalaridagi suratlardan aniqlash mumkin. Do‘stlar ro‘yxatidagi hududiy ko‘pchilik foydalanuvchining yashash joyini ko‘rsatsa, qarindoshlarning sahifalarini tahlil qilish orqali shaxsning otasining ismini bilib olish qiyinchilik tug‘dirmaydi
Profildagi suratlar — bu shaxsiy hayotning batafsil xaritasidir. Ular orqali sevimli mashg‘ulotlar, restoranlar, klublar va sport zallarini, hatto ularga borish vaqtini ham osongina aniqlash mumkin. Agar geolokatsiya o‘chirilgan bo‘lsa, bilvosita belgilar: orqa fondagi avtomobil raqamlari yoki bino intereri bo‘yicha qidiruv tizimlari ishga tushadi.
Profil rasmi ham o‘ziga xos «raqamli kalit» vazifasini o‘taydi. Foydalanuvchilar ko‘pincha turli platformalarda bir xil suratdan foydalanishadi. Bu esa rasm orqali qidiruv berib, boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi profillarni ham topish imkonini beradi. Zamonaviy texnologiyalar esa insonni hatto boshqa suratlarda o‘zgacha ko‘rinsa ham, yuz biometrik belgilari bo‘yicha aniqlashga qodir.
Agar sahifada boshqa ijtimoiy tarmoqlar haqida ma’lumot bo‘lmasa, profil havolasidagi noyob identifikator (ID) orqali ularni topish mumkin. Ko‘pincha eng batafsil ma’lumotlar foydalanuvchi kirishni yo‘qotgan va tashlab ketgan eski sahifalarida saqlanib qoladi. Elektron pochta manzili esa ish qidirish saytlaridagi batafsil rezyumelarga yo‘l ochadi.
Telefon raqami — eng universal identifikatorlardan biridir. Raqam messenjer kontaktlariga qo‘shilsa, foydalanuvchining surati va tug‘ilgan sanasini ko‘rish imkoni tug‘iladi. Shuningdek, raqam orqali e’lonlar saytlaridagi profillarni topish oson. Amalga oshirilgan bitimlar tarixi esa sotilgan avtomobillar, ko‘chmas mulk, qiziqishlar va qo‘shimcha daromad manbalari haqida «hikoya qiladi». Bundan tashqari, bank ilovasi orqali telefon raqami bo‘yicha pul o‘tkazishga urinish ismingiz, sharifingiz va siz mijozi bo‘lgan banklar ro‘yxatini oshkor qiladi»
Agar sahifada boshqa ijtimoiy tarmoqlar haqida ma’lumotlar bo‘lmasa, boshqa platformalardagi havoladagi noyob identifikatorni tekshirish ularni topish imkonini beradi. Batafsil ma’lumotlar foydalanuvchi, masalan, kirishni yo‘qotgan tashlab ketilgan sahifalarda saqlanadi. Elektron pochta orqali qidiruv batafsil rezyumeli ish tanlash saytlariga yo‘l ochadi.
Shuningdek, maxsus mobil ilovalar ham mavjud bo‘lib, ular foydalanuvchining boshqa odamlarning telefon kitoblarida qanday qayd etilganligini bilib olish imkonini beradi. Teglar lavozimingiz, oilaviy holatingiz yoki manzilingizni ko‘rsatishi mumkin. Ish joyi tegini olgandan so‘ng, ish beruvchining rasmiy veb-saytini o‘rganib chiqish va kasbiy yutuqlar haqida ma’lumot olish mumkin.
Agar fotosuratda avtomobil raqami ko‘rinib qolgan bo‘lsa, ochiq servislar uning sotuv tarixi, texnik xususiyatlari, narxi va sotib olingan yilini ko‘rsatadi. Ta’lim muassasalarining saytlari o‘qish yillari va mutaxassislikni oshkor qilishi mumkin, ish qidirish resurslaridagi batafsil rezyumelarda esa ko‘pincha yashash manzili, avvalgi ish beruvchilar va oldingi ish haqi miqdori haqidagi ma’lumotlar bo‘ladi.
Familiyasi, ismi, sharifi, tug‘ilgan sanasi va hududini bilgan holda, ayrim davlat xizmatlari saytlari moliyaviy qarzdorliklar haqida ma’lumot berishi yoki ma’muriy yoxud jinoiy ishlardagi ishtiroki haqida so‘zlab berishi mumkin.
Hatto sevimli mashg‘ulot (hobbi) ham iz qoldiradi. Masalan, tarmoq o‘yinlaridagi profil o‘yin taqvimini ko‘rsatadi, bu esa hayot tarzi va uyda bo‘lish vaqti haqida xulosa chiqarish imkonini beradi.
Nihoyat, internet-do‘konlarning sizdirilgan bazalaridagi ma’lumotlar jamlangan maxsus pulli botlar mavjud. Telefon raqami, elektron pochta yoki ijtimoiy tarmoqdagi havolani bilgan holda IP-manzil, yashash manzili, ba’zan esa pasport ma’lumotlarini topish mumkin.
Ijtimoiy muhandislik xavfini istisno qilish va ma’lumotlaringizni himoya qilishingizda quyidagi qadamlar yordam berishi mumkin:
- Profildagi ma’lumotlarni cheklash va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarni begonalar uchun yopish.
- Eski sahifalarga kirish huquqini tiklash va keyinchalik ularni o‘chirib tashlashga harakat qilish.
- Ish qidirish saytlaridagi rezyumelarni tashqi foydalanuvchilar ko‘rishidan yashirish.
«Raqamli iz — bu potensial zaiflikdir. 10 daqiqalik qidiruv davomida inson portretini shakllantirish yoki fishing hujumini tayyorlash uchun yetarlicha ma’lumot to‘plash mumkin», — deya xulosa qildi Ulyankina.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter