Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi ortmoqda

Raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi ortmoqda

O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida davlat xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish, elektron hukumat tizimini kengaytirish, axborot tizimlari hamda ma’lumotlar bazalarini integratsiya qilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

Sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish masalasida ham Davlatimiz rahbarining qator farmon va qarorlari qabul qilinib, ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport, qishloq xo‘jaligi va xavfsizlik kabi sohalarda zamonaviy yechimlarni joriy etishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda. IT-parklar, texnoparklar va startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kengayib, yoshlar orasida IT va sun’iy intellekt sohalariga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda.

Umuman olganda, mamlakatimizda raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida global tendensiyalarga mos ravishda yangi texnologiyalarni joriy etish, iqtisodiy samaradorlikni oshirishga qaratilgan ustuvor davlat siyosati olib borilyapti. Shu bilan birga, raqamli texnologiyalarning iqtisodiy o‘sishga ta’sirini aniq baholash va raqamlashtirish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlovchi samarali mexanizmlarni joriy etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.

Mazkur yo‘nalishda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, xorijiy ekspert va konsultantlar bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, o‘tgan yili raqamli iqtisodiyot sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan Xitoy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari akademiyasi (CAICT) bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

CAICT tomonidan O‘zbekistonning mas’ul davlat idoralari bilan hamkorlikda olib borilgan tadqiqotlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi raqamli iqtisodiyotini 2030 yilgacha rivojlantirish rejasi hisoboti ishlab chiqildi. Ushbu hisobot natijalari 2024 yilda Xitoyning Shanxay shahrida bo‘lib o‘tgan “Hisoblash texnikasi standartlari va ilovalari bo‘yicha xalqaro simpozium” (ISCT’24) doirasida rasman e’lon qilindi.

Hisobotda O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotining rivojlanish jarayonlari raqamli infratuzilma, sohalarni raqamlashtirish, raqamli boshqaruv va raqamli iste’dodlar kabi beshta asosiy yo‘nalish kesimida chuqur tahlil qilingan.

Mazkur tahlillarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining raqamli iqtisodiyoti 2021–2023 yillar davomida yillik o‘rtacha 26,5 foizga o‘sgan bo‘lib, raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi deyarli 9 foizni tashkil etgan.

Kelgusida ham xorijiy hamkorlar bilan mazkur yo‘nalishdagi tadqiqotlarni tizimli ravishda davom ettirish va ular asosida amaliy chora-tadbirlarni kengaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring