Sony va Warner kompaniyalari Anthropicni sudga berdi
Sony Music va Warner Music kompaniyalariga qarashli eng yirik musiqa nashriyotlari Anthropic sun’iy intellekt kompaniyasi ustidan AQShda sudga da’vo arizasi kiritdi.
Ular kompaniyani (Claude nomi ostidagi) o‘z modellarini o‘rgatishda mualliflik huquqi bilan himoyalangan o‘n minglab qo‘shiqlardan noqonuniy foydalanganlikda ayblamoqda.
Da’vogarlar buni «tarixdagi intellektual mulk bilan bog‘liq eng yirik va mash’um o‘g‘riliklardan biri» deb atamoqda, deyiladi Axios xabarida.
Da’voga ko‘ra, Anthropic hech qanday ruxsatsiz va to‘lovlarsiz musiqiy asarlardan nusxa ko‘chirgan hamda ulardan o‘z tizimlarini o‘qitishda foydalangan. Musiqa kompaniyalari foydalanilgan har bir asar uchun 150 ming dollargacha tovon puli talab qilmoqda, shu sababli da’voning umumiy summasi milliardlab dollarni tashkil etishi mumkin.
Vaziyatni yanada chigallashtiradigan jihat shundaki, bitta qo‘shiqning o‘ziga bir vaqtning o‘zida bir nechta huquq turlari — musiqaga, matnga va aniq ovoz yozuviga (fonogrammaga) bo‘lgan huquqlar amal qilishi mumkin.
Anthropic kompaniyasi barcha ayblovlarni rad etmoqda va sudda o‘z pozitsiyasini himoya qilishini bildirgan. Ma’lumot uchun: 2025-yilda kompaniya sun’iy intellektni o‘qitishda himoyalangan asarlardan foydalanish bo‘yicha boshqa bir ish yuzasidan mualliflar va nashriyotlarga 1,5 milliard dollar to‘lashga rozi bo‘lgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter