Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xalqaro astronavtika kongressiga Samarqand mezbonlik qiladi!

Xalqaro astronavtika kongressiga Samarqand mezbonlik qiladi!

Avstraliyaning Sidney shahrida o‘tkazilgan Xalqaro astronavtika kongressida (IAC) muhim qaror qabul qilindi: 2028 yilda navbatdagi kongress Samarqand shahrida o‘tkazilishi belgilandi. Bu tarixiy voqea nafaqat mamlakatimiz, balki butun Markaziy Osiyo uchun ham kosmik sohada yangi davrni boshlab beradi.

Sidneydagi kongress doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi keng qamrovli dastur bilan ishtirok etdi.

Delegatsiya tomonidan O‘zbekistonning kosmik texnologiyalar sohasidagi yutuqlari va istiqboldagi rejalariga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.

Shuningdek, Yevropa, Osiyo va Amerika kosmik agentliklari bilan strategik uchrashuvlar tashkil etildi.

Bundan tashqari, kosmik monitoring, qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohasida raqamli texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.

Tadbir davomida Xalqaro astronavtika federatsiyasi rahbariyati O‘zbekistonning ilmiy salohiyati, yoshlarning kosmik fanlarga bo‘lgan qiziqishini va infratuzilmani rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholab, 2028 yilgi kongressni Samarqand shahrida o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Mazkur yirik anjuman nafaqat ilm-fan va texnologiyalar rivoji uchun muhim maydon bo‘ladi, balki mamlakatimiz iqtisodiyotiga ham sezilarli daromad keltirishi kutilmoqda. Masalan, Sidneyda o‘tkazilgan joriy kongress Avstraliya iqtisodiyotiga 42 million avstraliya dollari (qariyb 27 million AQSh dollari) daromad olib keldi.

Samarqandda bo‘lib o‘tadigan IAC ham 10 mingdan ortiq xalqaro mehmonlarni yurtimizga jalb qilib, xalqaro ko‘rgazmalar orqali turizm, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik sohalarida katta iqtisodiy samarani ta’minlaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring