AQSh va Kanada raketa himoya tizimi – «Oltin gumbaz» bo‘yicha hamkorlik qilmoqchi

Vashington va Ottava yangi avlod raketaga qarshi himoya tizimi — «Oltin gumbaz» (Golden Dome) loyihasi bo‘yicha yaqin hamkorlik boshlagan. Bu haqda Donald Tramp Vashingtonda Kanada bosh vaziri Mark Karni bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi.
«Biz Kanada bilan yangi darajadagi xavfsizlik hamkorligini boshladik. «Oltin gumbaz» ikki davlat osmonini qo‘shma muhofazaga oladi», – dedi Tramp.
Tramp administratsiyasi ishlab chiqarayotgan «Golden Dome» – Isroilning mashhur «Iron Dome» («Temir gumbaz») tizimi asosida yaratilgan yangi avlod loyihasi bo‘lib, uning vazifasi ballistik, qanotli va gipertovush raketa hujumlarini avtomatik aniqlash va yo‘q qilish.
Ammo yangi tizimning miqyosi ancha keng: u faqat shaharlar emas, balki butun mamlakatlar hududini qamrab olishni ko‘zlaydi. Loyihaning dastlabki bosqichiga 175 milliard dollar ajratilishi rejalashtirilgan.
Kanada bosh vaziri Mark Karnining ta’kidlashicha, Ottava loyihaga harbiy va ilmiy hamkor sifatida qo‘shilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Uning fikricha, bu tashabbus NATO doirasida ham muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
«So‘nggi yillarda dunyo xavfsizlik muhiti o‘zgardi. Biz bu o‘zgarishlarga texnologiya orqali javob berishimiz kerak», – dedi Karni.
Kanada bu tizimning shimoliy qit’alar orqali tarqaladigan raketa xavflariga qarshi qo‘llanilishidan manfaatdor.
Ba’zi ekspertlar «Oltin gumbaz» loyihasini siyosiy va texnologik jihatdan xatarli qadam deb baholamoqda. Britaniyaning The Guardian nashri yozganidek, gipertovush raketalarga qarshi samarali himoya tizimi hali amalda mavjud emas, shu bois loyihaning real natija berishiga shubha bilan qaralmoqda.
«Bu loyiha – faqat siyosiy ramz, real mudofaa samarasi yo‘q. Kanada bizning xavfsizlik siyosatimizga zid bo‘lgan isbotlanmagan, ehtimol samarasiz tizimga shoshilinch majburiyatdan ko‘ra yaxshiroq narsaga loyiqdir. «Oltin gumbaz» chiroyli eshitilishi mumkin, lekin bu «yolg‘onchi oltin»dir», – deydi kanadalik tahlilchi Bryus Myurrey.
Qayd etilishicha, «Oltin gumbaz» loyihasi Trampning yangi muddatdagi tashqi siyosiy dasturining muhim qismi hisoblanadi. Uning rejasiga ko‘ra, bu tizim nafaqat Amerika va Kanadani, balki butun Shimoliy Amerika mintaqasini umumiy mudofaa himoyasiga oladi.
Qo‘shma Shtatlar prezidenti, shuningdek, loyihani Yevropa ittifoqi va Yaponiya bilan ham integratsiya qilishni rejalashtirganini bildirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter