Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQShga borayotgan 42 davlat vakillarining ijtimoiy tarmoqdagi akkauntlari tekshiriladi

AQShga borayotgan 42 davlat vakillarining ijtimoiy tarmoqdagi akkauntlari tekshiriladi

Foto: Getty Images

AQSh hukumati vizasiz kirish dasturi (Visa Waiver Program) tatbiq etilayotgan davlat vakillariga nisbatan yangi amaliyotni joriy etmoqda. Bunga ko‘ra, 42 davlat, jumladan, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlar fuqarolarining ijtimoiy tarmoqlardagi so‘nggi besh yillik faoliyati tekshiriladi.

AQSh bojxona-chegara xizmati taklif etayotgan chora-tadbirlar loyihasida ana shunday talab ilgari surilgan.

Ushbu loyiha tasdiqlansa, AQShga kirish uchun elektron ruxsat so‘rab murojaat qilayotganlar ijtimoiy tarmoqlardagi so‘nggi besh yillik barcha akkauntlari, telefon raqamlari, oxirgi 10 yildagi elektron pochtalari, shuningdek, oila a’zolariga oid ma’lumotlarni taqdim etishi lozim bo‘ladi.

USA Today nashri yozishicha, yangi tartib prezident Donald Tramp joriy yil yanvar oyida imzolagan elektron avtorizatsiya tizimi orqali Qo‘shma Shtatlarga kirayotgan shaxslarni tekshirishga oid 14161-sonli farmon asosida amalga tatbiq etilmoqda.

Ayni paytda 42 davlat fuqarolari vizasiz kirish dasturi doirasida AQSh hududida 90 kungacha vizasiz yurishi mumkin. 2 yillik ruxsatnoma uchun hozirga qadar faqat aloqa uchun ma’lumotlar talab qilingan, xolos. 

So‘nggi vaqtlarda prezident Tramp ma’muriyati viza tartibini murakkablashtirmoqda.

Joriy yil may oyida Oq uy AQShda o‘qish uchun ariza topshirgan barcha xorijlik talabalar ijtimoiy tarmoqlarda tekshiruvdan o‘tishini ma’lum qildi. Vashington mazkur majburiy tekshiruvga tayyorgarlik ko‘rish uchun dunyo bo‘ylab AQSh elchixonalariga talaba vizasi uchun yangi suhbatlarni rejalashtirishni to‘xtatishni buyurgan.

Tramp ma’muriyat joriy yil 4-iyun kuni Afg‘oniston, Chad, Kongo, Ekvator Gvineyasi, Gaiti, Somali, Eron kabi 12 davlat fuqarolariga AQShga kirish eshigini yopgan bo‘lsa, oradan ikki hafta o‘tib, Qo‘shma Shtatlarga kirishi taqiqlangan mamlakatlar ro‘yxatiga yana 36 davlat qo‘shilishi xabar qilindi.

Avgust oyida AQSh hukumati tijorat yuk mashinalari va olis yo‘nalishga qatnovchi xorijlik haydovchilarga ishchi vizalarini berishni to‘xtatdi. Davlat kotibi Marko Rubio ushbu qarorni izohlarkan, chet ellik haydovchilar amerikalik hamkasblarining “nonini yarimta qilayotgani”ni aytgan.

Sentyab oyida AQSh hukumati xorij fuqarolariga noimmigratsion vizalar, jumladan, B1/B2 sayyohlik vizalarini berish tartibini qattiqlashtirdi. Davlat departamenti ogohlantirishicha, endilikda talabgorlar viza uchun arizani fuqarolik yoki doimiy yashash huquqiga ega mamlakatida topshirishi lozim.

Noyabr oyida esa Vashington viza so‘rovi uchun rad etish sabablari ro‘yxatini kengaytirdi. Endilikda onkologiya va yurak kasalliklari, diabet, semizlik uchun ham viza arizasi rad etilishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring